BIRONSOY RASMLARI
BIRONSOY RASMLARI — Nurota tog’lari tarmog’i (Qoratog’) dagi Bironsoy darasi qoyatoshlariga ishlangan tasvirlar; daraning ikki tomoni bo’ylab 2,5—3 kilometr masofaga cho’zilgan. 1967 yilda akademik Ya. G’ulomov rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya (J. Kabirov boshliq guruhi) tomonidan topilgan. Rasmlarda odam, o’qyoy, ot, it, tuya, echki, qo’y, yovvoyi hayvonlardan tur (yovvoyi buqa, sigir), arxar, tog’echkisi, bug’u, to’ng’iz, bo’ri, tulki, ilon, qoplon, yo’lbarslar tasvirlari aks etgan. Turli kattalikdagi (eng kattasi 1×1 metr, eng kichigi bir necha santimetr) Bironsoy rasmlarining umumiy soni 2 mingdan ortiq. Asosan oddiy chiziklar, soya, narsalarning shakl ko’rinishi usulida qattiq buyumlar bilan urib cho’kichlab, ba’zilari chizib, ishqalab ishlangan. Toshlar sathida ishlash jarayonida asboblarning dumaloq, bodomsimon cho’zinchoq, ba’zan to’rtburchak shaklli izlari qolgan. Bironsoy rasmlari mazmuni jihatdan rangbarang: ov, chorvachilik (tuyachilik, yilqichilik)ka oid manzaralar, maishiy hayot, diniy e’tiqod (zardushtiylik) bilan bog’liq lavhalar ko’pchilikni tashkil qiladi. Bironsoy rasmlarining eng qadimgisi miloddan avvalgi 3-2-ming yillikka mansub, shuningdek miloddan avvalgi 1-ming yillikka va milodiy 1-7-asrlarga oidlari ham anchagina. Bironsoy rasmlari shu yerda yashagan xalqning tarixi va madaniyati, urf-odati, diniy e’tiqodini o’rganishda katta ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan san’at obidasidir.