BISSINOZ
BISSINOZ (Yunoncha byssos — tuk, tola) — texnika o’simliklarining tolali mahsuloti (paxta, jut, kanop) changining organizmga nafas yo’llari orqali uzoq vaqt kirib turishi natijasida kelib chiqadigan kasallik; pnevmokoniozlarning bir turi. Paxta tozalash zavodlarida past navli paxtani tozalashda, paxta titish va saralash tsexlarida uzoq ishlayotgan ishchilarda uchrashimumkin. Bissinozda o’pkada biriktiruvchi to’qima juda kam rivojlanib, asosan surunkali bronxit, keyinchalik o’pka emfizemasi, ba’zan bronxial astma paydo bo’ladi. Kasallikda 3 bosqich farq qilinadi: 1bosqichda faqat nafas yo’llari zararlanadi, bronxlar torayadi va bronxit belgilari namoyon bo’ladi, bemor quruq yo’taladi, ko’krak qafasi bir oz qisiladi, lekin ish qobiliyatini yo’qotmaydi, 1-2 kunda tuzalib ketadi; 2-bosqich paxta tozalash zavodlarida uzoq yil ishlayotganlarda uchraydi: nafas yo’llari uzluksiz ta’sirlanishi natijasida surunkali bronxit va emfizema ancha rivojlanib, o’pkaning hayotiy sig’imi kamayadi: xarsillash kuchayib, bemor tinmay yo’taladi, balg’am tashlaydi, nafasi qisilib, nafas va yurak faoliyati buziladi, vaqt-vaqti bilan ish qobiliyatini yo’qotadi va bronxial astmaga chalinib qoladi; 3-bosqich og’ir surunkali bronxitga o’tish jarayoni bo’lib, ko’pincha surunkali pnevmoniya ham qo’shiladi; o’pkaning xayotiy sig’imi kamayishi natijasida nafas va yurak faoliyati susayadi, bemorning nafasi qisadi, havo yetishmaydi, burni, labi va barmoqlarining uchi ko’kimtir tusga kiradi. Tinmay yo’taladi, balg’am tashlaydi, ish qobiliyatini butunlay yo’qotadi. Davo kasallik bosqichi va og’irengilligiga karab tayinlanadi. Bemorni asosan yo’talga qarshi, balg’am ko’chiruvchi va yurak faoliyatini yaxshilovchi dorilar bilan davolanadi. Bissinozning oldini olish uchun ish joyini shamollatib turish, sanitariya holatini yaxshilash, mehnatni muhofaza qilish va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarni to’g’ri yo’lga qo’yish lozim. Ishchilarni ishga qabul qilishdan oldin va ikki yilda bir marta tibbiy ko’rikdan o’tkazish zarur. To’lqin Iskanderov.