BOSHLANG’ICH MAKTAB

BOSHLANG’ICH MAKTAB — bolalarga boshlang’ich umumiy ma’lumot beradigan umumta’lim o’quv tarbiya muassasasi. Uning vazifasi o’quvchilarda yozish, o’qish, hisoblash malaka va ko’nikmalarini hosil qilish, tabiat va jamiyat haqida ilk bilimlar berish, xulq-odobga o’rgatishdir. Hozirgi O’zbekiston hududida dastlabki Boshlang’ich maktab — maktabxonalar Arab xalifaligi tomonidan O’rta Osiyo yerlari bosib olingandan keyin (7-asr) mahalliy xalq va ularning bolalarini musulmon ruhida tarbiyalash maqsadida ochilgan. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin rus amaldorlari va harbiylarining bolalari uchun 1869 yil Toshkentda dastlabki rus Boshlang’ich maktabi ochildi. Turkistonda mahalliy aholi bolalari uchun 19-a.sr oxirlarida ochilgan rus-tuzem maktabi ham Boshlang’ich maktabdir. 1900 yildan O’zbekiston hududida “jadid maktabi” nomi bilan yuritilgan yangi usul maktablari ham ish boshlagan. Bu maktablar Turkiston mahalliy xalqlar milliy maktablarining kurtaklari bo’lgan. Yangi usul maktablari ham asosan 1-4 sinfdan iborat Boshlang’ich maktab hisoblangan. 1917 yil oktabr to’ntarishidan keyin, 1918 yil 13 dekabrda Turkiston maorif xalq komissarligi qaroriga binoan rustuzem maktablari xalq maktablariga aylantirildi. 1922 yildan tayyorlov (yariminchi) sinfdan keyingi 1-3 sinflardan iborat maktablar 1-bosqich maktab, ya’ni Boshlang’ich maktab hisoblangan. 1918-24 yillarda hozirgi O’zbekiston hududidagi barcha milliy maktablar 1 bosqichli maktablar bo’lgan. Boshlang’ich maktab soni 1918 yilda 992, 1919 y.da 1847, 1921 yilda 2022, 1922 yilda 1239, 1923 yilda 1007, 1924 yilda 1271 ta bo’lgan. 1930/31 o’quv yilidan O’zbekistonda umumiy majburiy boshlang’ich ta’lim joriy etilishi munosabati bilan Boshlang’ich maktablarda ta’lim muddati 4 yil qilib belgilandi. 1969/70 o’quv yilidan rus maktablarida, 1970/71 o’quv yilidan o’zbek maktablarida 3 yillik boshlang’ich ta’limga o’tildi. Shu yillardan boshlab Boshlang’ich maktabning mavqei va ahamiyati tubdan o’zgardi; umumiy ta’limning mustaqil, tugal bosqichi degan xususiyatini yo’qotib, fan asoslarini izchil o’rganishga tayyorlanish bosqichi bo’lib qoldi. 1991/92 o’quv yilidan O’zbekiston Respublikasida Boshlang’ich maktablarda yana 4 yillik boshlang’ich ta’limga o’tildi. “Ta’lim to’g’risida”gi qonun (1997 yil 29 avgust)da Boshlang’ich maktab ta’limining yangi mazmuni belgilandi. 2000/2001 o’quv yili boshida O’zbekistonda 207 Boshlang’ich maktab bo’lib, ularda 30684 o’quvchi ta’lim oldi. Yo’ldosh Abdullayev.