BOSHOG’RIQO’T

BOSHOG’RIQO’T (Achillea santolina L.) — qoqidoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’t. Bo’yi 15-30 santimetr. Bargi ensiz, patsimon. Guli sariq. Gul savatchalari poya uchida qalqrnsimon murakkab to’pgul hosil qiladi. May—iyulda gullab, avgustda urug’i pishadi. Tog’ etaklari, cho’l va adirlarda tarqalgan; ariqlar bo’yida, yo’llar yaqinida, shuningdek begona o’t sifatida ekinlar orasida ham o’sadi. Quritilmagan Boshog’riqo’tda 0,056—11% efir moyi bo’lib, bu moy tarkibida 53-56% kamfora, 15— 20% tsinsol, 10-15% apinen, 20% ga yaqin efir va spirt borligi aniqlangan. Poyasi, bargi va gulidan tayyorlanadigan qaynatmadan xalq tabobatida me’da kasalliklari, sil va bavosirni davolashda, qonni to’xtatishda foydalaniladi. Boshog’riqo’tdan tabiiy kamfora ham olish mumkin.