BOLALAR KASALLIKLARI
BOLALAR KASALLIKLARI — asosan bolalar orasida uchraydigan yoki bolalik davrida o’ziga xos kechadigan kasalliklar guruhi. Bolaning rivojlanish xususiyatlariga ko’ra ona qornida o’sish davri, chaqaloqlik davri, bola tug’ilgandan keyingi (4 hafta), emizikli davri (bir yoshgacha), yasli davri (3 yoshgacha), maktabgacha davri (7 yoshgacha), boshlang’ich maktab yoshidagi (12 yoshgacha) va o’smirlik yoki balog’atga yetish davri (18 yoshgacha) farq qilinadi. Ona qornida o’sish davri bolaning shakllanishida muhim rol o’ynaydi; homiladorlik davridagi zararli omillar (kasalliklar, intoksikasiyalar, turmush va ovqatlanish sharoitining kam-ko’stligi, dori-darmonlar ta’siri) onagagina emas, qornidagi homilaning o’sishi va rivojlanishiga ham ta’sir etadi. Bu davrda ko’proq tug’ruq vaqtidagi zararlanishlar (asfiksiya, shikastlanishlar, falajlar, stafilokokk infektsiyalar) kuzatiladi. Chaqaloqlar ayrim infektsion kasalliklarga tug’ma chidamli bo’ladi, biroq ularga (ayniqsa, chala tug’ilgan bolalarga) yiringlatuvchi mikroblar avvalo, stafilokokklar tez ta’sir qilib, kindik jarohatining yiringli yallig’lanishiga, chilla yaraga va hatto chaqaloqlar sepsisi kabi og’ir kasallikka sabab bo’ladi. Bu davrda zotiljam ham xavfli kasallik hisoblanadi. Emizikli davrida bola ovqatning o’zgarishiga moslanishi ancha qiyin, uni noto’g’ri ovqatlantirilganda me’daichak buzilishlari (diareya, ichak infektsiyalari va boshqalar), moddalar almashinuvining buzilishi kuzatiladi. Bu davrda nafas va hazm a’zolarining kasalliklari og’ir o’tadi; bolani noto’g’ri ovqatlantirish, sof havo va quyosh nuridan yetarli bahramand etmaslik natijasida raxit avj oladi, diatez, spazmofiliya bot-bot uchraydi. Yasli yoshidagi va maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga o’z tengqurlari bilan o’ynab yurgan chog’ida ko’kyo’tal, qizamiq, difteriya, tepki va boshqa yuqishi mumkin. Bundan tashqari, onasidan o’tgan immunitetning kuchi yo’qoladi. Shuning uchun bu davrda bolalar emlanib (vaktsinasiya), immunitet vujudga keltiriladi. Maktab yoshidagi bolalarda yuqumli kasalliklar ko’proq uchraydi. Emizikli bola ko’kyo’tal va qizamiq bilan og’riganda ko’pincha o’pkasi ham yallig’lansa, maktab yoshidagi bolalarda bu kasalliklar aksari asoratsiz o’tadi (o’pka yallig’lanmaydi). Boshlang’ich maktab yoshidagi bolalarda angina, yurak va buyrak kasalliklari, shuningdek allergik kasalliklar ko’proq uchraydi. Kattaroq bolalarda va o’smirlik (balog’atga yetish) davrida yurak-tomir, nerv va endokrin sistemalar (ichki sekresiya bezlari) faoliyatida jiddiy o’zgarishlar ro’y beradi. Sof havodan etarli bahramand bo’lmaydigan, sport bilan shug’ullanmaydigan, kun tartibiga rioya qilmaydigan o’quvchilarda bu sistemalar ko’proq kasallanadi. Demak, Bolalar kasalliklarining turli shakllari organizmning chidamliligiga, yuqumli kasalliklarga qarshilik ko’rsatish kuchiga, bolaning yoshiga bog’liq. Har bir kasallik, u qanday bo’lishidan qat’i nazar (yuqumli yoki yuqumsiz) jismonan barkamol, sog’lom bolada yengilroq, ozg’in, nimjon bolada esa og’irroq o’tadi. Bir xil mikrob qo’zg’atgan kasallik bolaning turli yoshida turlicha kechadi. Bolalar kasalliklarining oldini olishda bola organizmining o’ziga xos xususiyatlari ko’zda tutiladi. Emizikli davrda ona suti eng maqbul oziq bo’lib, bolani qo’shimcha ovqatlantirish zaruriyati bo’lganda faqat vrach (pediatr) bilan maslahatlashib olish kerak. Go’daklarni sut oshxonalari orqali ovqatlantirishning to’g’ri tashkil qilinishi katta ahamiyatga ega. Bolalar kasalliklari qancha barvaqt aniqlanib, vaqtida davolansa, asorati qolmaydi. Buning uchun kattalar va ota-onalar Bolalar kasalliklarining oldini olish usullarini va dastlabki belgilarini bilishlari, bolada kasallikka xos biror alomat sezganda darhol vrachga murojaat etishlari zarur.