BOLALAR KINOSI

BOLALAR KINOSI — bolalar va o’smirlarga mo’ljallangan badiiy, o’quv, hujjatli xronikal, multiplikatsion (rasmli va qo’g’irchoq) filmlar. Bolalar qiziqadigan mavzular aks ettiriladi, film mazmuni ularning ruhiyati va tiliga yaqin, yoshi va tushunchasiga mos bo’ladi. Bolalar kinosida (teatrdan farqli) bolalar rolini shu yoshdagi bolalar o’ynaydi. Kino san’atining maxsus sohasi sifatida 1920-30-yillarda ajralib chiqdi. O’zbekistonda birinchi Bolalar kinosi (“Qilich”, rejissyor Y.A’zamov) 1935 yilda yaratildi. O’zbek Bolalar kinosi birinchi qadamidanoq zamonaviy mavzuga murojaat etdi. Ovozsiz bu filmda yoshlarni texnikani egallashga chorlash mavzusi ko’tarilgan. Shundan so’ng uzoq yillar mobaynida Bolalar kinosi ishlanmadi. Zamonaviy ertak janridagi “Paxtaoy” (K. Yormatov, 1952) birinchi o’zbek ovozli Bolalar kinosi bo’lib, unda o’zbek xalqining milliy boyligi paxtadan nimalar olinishi haqidagi ilmiy dalillar ertak asosida yoritilgan. Filmning tasviriy vositalari o’sha davr texnikasidan o’zib ketgan, bunga mualliflarning izchil izlanishlari, boy fantaziyasi, kinematografik ixtirolari tufayli erishilgan. 1957 yilda sarguzasht janrida “Sahrodagi voqea” (Z. Sobitov) filmi yaratildi. 60-yillar o’zbek Bolalar kinosi taraqqiyotida yuksalish davri bo’ldi. “Sen yetim emassan”, “Toshkent — non shahri” (Sh. Abbosov, 1962, 1967), “Nafosat” (E. Eshmuhamedov, 1966), “Olmos” (D. Salimov, 1966) kabi filmlar suratga olindi. 70-80-yillarda o’zbek Bolalar kinosining mavzu va janr doirasi kengaydi. Ertak va sarguzasht janrlarida, tarixiy va zamonaviy mavzularda filmlar yaratilib, axloqiy-ma’naviy muammolar o’rtaga tashlandi. “Semurg'”, “Kundalik daftar, xat va birinchi sinf o’quvchisi” (H. Fayziyev, 1971, 1985), “Achchiq danak” (Q. Kamolova, 1974), “Poyga avtomobilidagi jasur bolalar”, “Shum bola” (D. Salimov, 1975, 1977), “Komila” (M. Og’amirzayev, 1981), “Akmal, ajdarho va malika”, “Akmalning yangi sarguzashtlari” (Yu. Stepchuk, 1981, 1983), “Orzular og’ushida” (F. Zaynutdinov, 1986), “Unsinoy” (O. Ergashev, 1987), “Bir mavsumli daho” (S. Nazarmuhamedov, 1989) kabi filmlar shular jumlasidan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach Bolalar kinosida ham keskin burilish yasaldi. Milliy mavzu, xalqimizning milliy an’analari, Vatanga mehr-muhabbatni ifodalovchi qator filmlar yaratildi. Filmlar o’zbek tilida suratga olina boshladi. Faol va iqtidorli, milliy ruhni, xalqchillikni ifoda etuvchi rejissyorlarning yangi avlodi yetishib chiqdi. Qishloq bolalari hayotiga bag’ishlangan “Tangalik bolalar” (T. Yunusov, 1991), “Abdullajon” (Z. Musoqov, 1991), “Kulol va xurmacha” (G. Bzarov, 1991), dramatik, detektiv elementlar bilan yo’g’rilgan zamonaviy, fantastik musiqali komediya “Tilsimoy — g’aroyib qizaloq” (M. Boymuhamedov, 1999) va “Kichkina tabib” (Z. Musoqov, 1999) filmlari so’nggi yillardagi eng yaxshi filmlardan. “O’zbekfilm” studiyasi O’rta Osiyoda birinchi bo’lib bolalarga mo’ljallangan qo’g’irchoq va rasmli multiplikatsion filmlar ishlab chiqarmoqda. “6×6 kvadratida” (Yu. Petrov, D. Salimov, 1965) birinchi suratga olingan multfilmdir. 1978 yilda “O’zbekfilm” studiyasi qoshida rasmli va qo’g’irchoq filmlari uyushmasi tashkil etilgan (1995 yildan “Animatsiya kino san’ati uyushmasi” nomida). Mustaqillikdan keyin ayniqsa M. Mahmudov, S. Murodxo’jayeva, N. To’laxo’jayev, A. Sobirov, N. Smirnov, I. Krivosheeva, D. Botirova, S.Alibekov, D.Vlasov kabi rejissyorlarning ijodi yanada kamol topdi. “Oymoma bo’rsiq” (rejissyor N.Smirnov, 1998), “Bulbul” (M.Mahmudov, 1999; 4-xalqaro bolalar kinofestivalida 1mukofot “Oltin baliq”ga sazovor bo’ldi), “Alpomish” (6 qismli, N.To’laxo’jayev, 1998-2001), “Yangi shoxcha va bahor yomg’iri haqida” (rejissyor S.Silka, 2000), “To’ti” (S.Murodxo’jayeva, 2000) va boshqalar keyingi yillarning eng yaxshi multfilmlaridir. 2 qismli “Vaqt gullari” (rejissyor M.Zokirov), “Erkatoy” (rejissyor N.G’oziyeva) kabi telefilmlar ham bolalarga bag’ishlangan. 1993 yildan “O’zbekfilm” studiyasida bolalarga mo’ljallangan “Zumrasha” hajviy-yumoristik kinojurnal muntazam ravishda chiqa boshladi (badiiy rahbar A.Qobulov, 1997 yildan Yu. Roziqov). Dunyoda maxsus studiyalar: Amerikada U.Disney studiyasi (1923), Rossiyada bolalar va o’smirlar uchun filmlar ishlab chiqaruvchi Markaziy kinostudiya tashkil etilgan. Shuningdek, Bolalar kinosi ko’pgina boshqa mamlakatlar (Bolgariya, Vengriya, Polsha, Frantsiya, Yaponiya, Hindiston va boshqalar)da ham ishlanmoqda. “Mikki Maus” (“Kichik sichqon”) haqidagi turkum, “Bembi”, “Vinni Pux”, “Senimi, shoshmay tur!”kabilar eng mashhur filmlardir. Solerno (Italiya), Xixon (Ispaniya), Eshpino (Portugaliya) kabi shaharlarda xalqaro bolalar filmlari festivallari o’tkazilmoqda. Maxsura Mirzamuhamedova.