BOLALAR O’YINLARI

BOLALAR O’YINLARI — bolalarni aqliy, axloqiy, jismoniy va estetik tarbiyalash vositalaridan biri. Bolalar o’yinlari bolalarning har tomonlama kamol topishiga katta ta’sir qiladi. O’yin vaqtida sezgi, idrok, tafakkur, xayol, xotira, diqqat, Iroda, hissiyot va boshqalar ruhiy jarayonlar ishtirok etadi. Bolalar o’yinlarining 3 asosiy xususiyati bor. Birinchidan, bola o’yin faoliyatini erkii, o’z xohishi bilan bajaradi. Ikkinchidan, mazkur faoliyatning ijodiy va faolligidir. Uchinchidan, o’yin harakatlarining jo’shqinligi: bola o’yinga qiziqib ketadi, zavqlanadi, unda o’rtoqlik hissi kuchayadi va hokazolar. Bolalar o’yinlari mazmuniga qarab o’yinchoqli, voqeaband (syujetli), harakatli va didaktik o’yinlarga bo’linadi: 1) o’yinchoqli o’yinlar asosan maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning o’yinlaridir (sodda o’yinchoqlar, masalan, shiqildoq, kubiklar o’ynash; qum bilan o’ynash); 2) voqeaband o’yinlarda bolalar kattalar faoliyatiga taqpid qilishadi. Bu o’yinlar bolaning tashqi muhitidagi voqelikni aks ettiradi (masalan, “bola boqish”, “ovqat pishirish”, “bog’chabog’cha” o’ynash va boshqalar) Bolalar ulg’aygan sari ularning voqeaband o’yinlari ham murakkablasha boradi; 3) harakatli o’yinlarni bolalar yakka-yakka yoki birgalikda bajaradilar (masalan, koptok o’ynash, tez yugurish va boshqalar). Bu o’yinlar maktab yoshidagi bolalarga ayniqsa foydalidir: bolalar sog’lig’ini mustahkamlaydi, ularni irodali qilib tarbiyalashga yordam beradi. Bolalarning sport o’yinlari ham harakatli o’yinlardandir; 4) didaktik o’yinlar ni tarbiyachilar o’ylab topadi. Bu o’yinlar bog’chalarning katta guruhlarida tarbiyalanadigan va boshlang’ich sinflarda o’qiydigan bolalarga mo’ljallanadi (masalan, tabiiyilmiy mavzularga, chet tili so’zlarini eslab qolishga oid, loto o’ynash va hokazolar). Bu o’yinlar bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira, zehn kabi sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bolani sog’lom va baquvvat bo’lib o’sishiga imkon beradi.