BOLDIR
BOLDIR — tizza bilan oyoq panjasi o’rtasidagi qism. Yuqoridan taqim o’rtasidan o’tgan gorizontal chiziq bilan, pastdan boldiroyoq kafti bo’g’imi bilan chegaralangan. Boldir skeleti katta va kichik boldir suyaklaridan iborat. Suyaklar orasi ochiq bo’lib, uni qalin parda to’ldirib turadi. Suyaklar va pardoning old tomonida uchta, tashqi tomonida ikkita va orqa tomonida sakkizta muskul ustmaust joylashgan. Ular tizza bo’g’imini bukadi, panja va barmoqlarni bukadi va yozadi, panjani ichki va yon tomonga ko’taradi. B. ning ichki tomonida muskul bo’lmaydi. Orqadagi eng ustki kambalasimon muskul B.ga ma’lum shakl berib turadi. U uch joydan, ya’ni son suyagining ikki cheti va boldir suyagining orqa yuzasidan botshlanganligi uchun “uch boshli muskul” deb ham yuritiladi. Bu muskulning yo’g’on, pishiq, kuchli payi (Axill payi) tovon suyagiga yopishadi va oyoqni erkin ko’tarib yurishga imkon beradi. Boldir terisiga sezuvchi, muskullarni harakatlantiruvchi nervlar hamda qon tomirlar keladi. Boldir oyoqning boshqa qismlari bilan birga gavdani ko’tarib turishda, yurishda qatnashadi.