O’RILISH
O’RILISH — to’qima (mato, gazlama) to’qishda arqoq (ko’ndalang ip) va tanda (bo’ylama ip) ning o’zaro birlashishi. To’qima siyrak yoki zich O’rilishda to’qilishi mumkin. To’qimaning tanda bo’yicha zichligi arqoq bo’yicha zichligidan farq qiladi yoki ular bir xil bo’ladi. To’qimaning 10 santimetr eniga to’g’ri keladigan tanda iplari soni tanda bo’yicha zichligi, arqoq iplari soni arqoq bo’yicha zichligi deb ataladi. To’quvchilik O’rilishlarining turi ko’p. Ular to’qimaning tuzilishi (masalan, zich yoki siyrakli) va xossalariga bog’liq bo’ladi. To’qima o’ngidagi guli, sirtining silliqligi yoki g’adirbudurligi (relefi), ko’ndalang va bo’ylama yo’llari bor-yo’qligi, tovlanib turishi tanda va arqoq iplarining O’rilish turiga bog’liq bo’ladi. O’rilishlar gazlamaning pishiqligiga, cho’ziluvchanligiga, kirishishi yoki cho’zilishi va boshqalar xossalariga ta’sir qiladi. To’quvchilik O’rilishlari oddiy (tekis), mayda gulli, murakkab va yirik gulli turlarga bo’linadi. Har qaysi O’rilish turida tanda bo’yicha rapport (O’rilish gulini hosil qiladigan iplar soni) va arqoq bo’yicha rapport farqlanadi. Tanda bo’yicha rapport O’rilish gulini hosil qiladigan tanda iplari soni, arqoq bo’yicha rapport O’rilish gulini hosil qiladigan tanda iplari soni. Masalan, tanda bo’yicha zich to’qimada tanda iplari soni ko’p, arqoq bo’yicha zich to’qimada arqoq iplari soni ko’p bo’ladi va aksincha. Gazlamada qanday gul hosil qilinishi rapportga bog’liq bo’ladi. To’quvchilikda eng keng tarqalgan O’rilish oddiy O’rilish hisoblanadi. Oddiy O’rilishga polotno, sarja, atlas va satin O’rilishlar kiradi. Bu o’rilishlarda arqoq ipi bilan faqat bir marta o’rilishadi. Har doim tanda ipi bo’yicha rapport arqoq bo’yicha rapportga teng bo’ladi. O’zbekistonda qadimdan qo’llanib kelinadigan O’rilish atlas O’rilish hisoblanadi. Masalan, besh ipli atlas O’rilish Rapportdagi har qaisi tanda ip to’rtta arqoq ipi ustida yotadi va bitta arqoq ipi tagidan o’tadi. Demak, atlas O’rilishli gazlamaning o’ngi asosan tanda iplaridan iborat bo’ladi. Mayda gulli, murakkab va yirik gulli O’rilishlar bir-biridan tanda bo’yicha rapport va arqoq bo’yicha rapportning nisbati bilan farqlanadi. Ad.: Olimboev E.Sh. va boshqalar, To’quvchilik texnologiyasi va to’quv stanoklari, T., 1987.