O’RMON-DASHT ZONALARI

O’RMON-DASHT ZONALARI — mo’tadil va subtropik mintaqalarda joylashgan tabiat zonalari. Bu zonalar tabiiy landshaftida o’rmonlar bilan dashtlar almashinib keladi. Mo’tadil mintaqalarda materiklar ichki qismida keng maydonlarni egallagan. Yevrosiyoda Dunaybo’yi pasttekisligidan Oltoy tog’larigacha tutash zona hosil qiladi. So’ngra Mongoliya va uzoq Sharqda, Xitoyning shimoli sharqida ham mavjud. Shimoliy Amerikaning Buyuk tekisliklari orqali 38° shahrik.gacha cho’zilgan. Bu zonalarda qish sovuq va qorli bo’ladi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2° dan -20° gacha, iyulniki 18° dan 25° gacha. Yog’in miqdori 400— 1000 millimetr, ko’p qismi yoz oylariga to’g’ri keladi. Tuproqlari xilma-xil. O’simliklari kichikkichik o’rmonzorlar va dasht o’tloqlaridan, hayvonot dunyosi o’rmon va dasht hayvonlaridan iborat. Mo’tadil mintaqalarning O’rmon-Dasht zonalarida keng bargli, igna bargli, mayda bargli o’rmonli dashtlar va preriya zonalari mavjud. Subtropik mintaqalarning O’rmon-Dasht zonalari Shimoliy Amerika va Janubiy Amerika subtropiklarida joylashgan. Afrikada va Avstraliyada ham ayrim joylarda O’rmon-Dasht zonalari uchraydi. Janubiy Amerika O’rmon-Dasht zonalarining ichki o’lkalari daraxtsiz savanna va pampa bilan band. Iqlimi subtropik mussonli, qishi iliq, yozi issiq. Eng sovuq oyning o’rtacha temperaturasi 4-12°, eng issiq oyniki 20-24°, yog’in miqdori 600— 1200 millimetr. O’simliklar vegetatsiyasi yil bo’yi davom etadi. Tuproqlari unumdor. Daraxt o’simliklari ko’proq daryo vodiylarida tarqalgan. O’rmon-Dasht zonalari hududlaridan dehqonchilikda, ba’zi joylarda yaylov chorvachiligida foydalaniladi.