O’RTA DENGIZ
O’RTA DENGIZ — Atlantika okeanining materiklar o’rtasidagi dengizi, Afrika bilan Yevrosiyo oralig’ida. Gibraltar bo’g’ozi orqali Atlantika okeani bilan, Dardanell bo’g’ozi orqali Marmar dengizi, Bosfor bo’g’ozi orqali Qora dengiz, Suvaysh kanali orqali Qizil dengiz bilan qo’shilgan. Maydoni 2505 ming kilometr kvadrat. Suv hajmi 3839 ming kilometr kub. O’rtacha chuqurligi 1541 metr, eng chuqur joyi 5121 metr. O’rta dengizda Alboran, Balear, Liguri, Tirren, Adriatika, ioni, Kipr va Egey dengizlari bor. Marmar, qora va Azov dengizlarini ham O’rta dengiz havzasiga kiritadilar. Yirik qo’ltiqlari: Valensiya, Lion, Genuya, Taranto, katta va kichik Sirtlar. Yirik orollari: Balear, Korsika, Sardiniya, Sisiliya, Krit va Kipr. O’rta dengizga Nil, Po, Rona va Ebro kabi yirik daryolar quyiladi. O’rta dengiz tubining relefi murakkab. Materik yon bag’ri nisbatan tik, chuqurligi 2000— 4000 metr. Geomorfologik jihatdan G’arbiy Jazoir Provans, Markaziy va Sharqiy Levant soyliklariga bo’linadi. Soyliklar tubi neogenantropogenning cho’kindi va vulkan jinslari bilan qoplangan. O’rta dengiz — faol seysmik zona. Markaziy va Sharqiy soyliklarning ayrRim joylari cho’kindi yotqiziqlar, jumladan, daryolar keltirgan oqiziqlar bilan to’lgan. Sohil qismi qumli. Dengiz tagida neft va gaz konlari, yuqori Miotsen yotqiziqlari orasida tuz qatlamlari mavjud. O’rta dengiz subtropik mintaqada bo’lib, o’z iqlim sharoitlari bilan mustaqil O’rta dengiz iqlimi tipini hosil qiladi. Qishi yumshoq, sernam, seryog’in. Yozi issiq, quruq va kamyog’in. Afrikadan sirokko shamoli esadi. O’rtacha temperatura yanvarda O’rta dengiz janubida 14-16°, shimolda 7-10°, avgustda shimolida 22-24°, Janubda 27— 30°. Yillik o’rtacha yog’in 400 millimetr. Eng ko’p yog’in dekabrda yog’adi. O’rta dengizda sarob hodisasi tez-tez kuzatiladi. Dengiz suvi, asosan, shamollar tufayli tsirkulyatsiya qiladi. Kanar oqimi Afrika bo’ylab O’rta dengizdan Livan sohillarigacha yetib keladi. Shuningdek, ayrim dengiz va havzalarning mahalliy oqimlari bor. O’rta dengiz tubining suvi dunyo okeani dengizlari ichida eng iliq va sho’rlaridan biri. Suvining temperaturasi yuza qatlamida Fevralda 8° dan 17° gacha, avgustda 19-28°, ba’zida 30° ga yetadi. Sho’rligi g’arbida 36%o, sharqida 39,5%o. Suvining nisbiy tiniqligi 50-60 metrgacha. Suv ko’tarilishi aralash va yarim sutkalik, balandligi 0,1—0,5 metr. Qishda kuchli to’lqinlar bo’ladi. O’rta dengizning o’simlik va hayvonot dunyosida fitoplankton va zooplanktonlar miqdori kam. Suvo’tlar, asosan, peridineylar va diatomlar. Fauna turlari xilma-xil. Baliqning 550 dan ortiq turi ma’lum, jumladan, 70 xili endemik, shuningdek, turli xil dengiz jonivorlari bor. O’rta dengiz muhim iqtisodiy ahamiyatga ega. Dengiz orqali Yevropani Afrika, Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan bog’lovchi muhim suv yo’llari o’tgan. Dengizdan baliq (Sardiniya, tunes, makrel, skumbriya va boshqalar) hamda dengiz hayvonlari ovlanadi. Shelf qismida suv ostidan neft va gaz olinadi. Dengiz orqali yaqin Sharq va Afrikadan Yevropa davlatlariga neft quvurlari o’tkazilgan. Yirik portlari: Barselona (Ispaniya), Marsel (Frantsiya), Genuya, Neapol, Venesiya, Triest (Italiya), Pirey, Saloniki (Gresiya), Bayrut (Livan), Iskandariya, Portsaid (Misr), Tripoli (Liviya), Jazoir (Jazoir). O’rta dengiz bo’yidagi (Frantsiya, Monako va Italiyadagi moviy qirg’oq, Ispaniyadagi Levantiya sohili va Balear orolidagi va boshqalar) kurortlar dunyoga mashhur. Neft mahsulotlarini ko’plab qazib olish va tashish, sanoat chiqindilarini dengizga oqizish, turistik zonalarning kengayishi O’rta dengizda murakkab ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. O’rta dengiz flora va faunasini muhofaza qilish bilan BMT qoshida tuzilgan maxsus komissiyalar shug’ullanadi.