CHIANGMAY

CHIANGMAY, Chiengmay o’rta asrlarda shim. Tailand hududida mavjud bo’lgan davlat. 1296 yil Knyaz (keyinchalik qirol) Mangray Xaripundjayyani bosib olib, asos solgan shahar nomidan olingan. 1556 yil Myanma tomonidan bosib olingan. 16-18-asrlarda Chiangmay goh Myanma yoki Siam (Ayutiya) vassali, ba’zan mustaqilligini tiklagan. 1775 yil uzil-kesil Siam qirolligi tarkibiga kiritilgan.

CHIANGMAY, Chiengmay Tailandning shimoli g’arbiy qismidagi shahar, Ping daryosi bo’yida. Chiantmay changvatining ma’muriy markazi. Aholisi 160,2 ming kishi (1999). Transport yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Qishloq xo’jaligi (sholi, choy) hamda o’rmonchilik rayonining savdo markazi. Oziq-ovqat, yog’ochsozlik sanoati korxonalari, universitet bor. Ipak va lok ishlab chiqariladi. Shaharga 13-asr oxirida asos solingan. Me’moriy yodgorliklardan 13-14-asrlarda qurilgan ibodatxonalar saqlangan. Chiangmay yaqinidan tarkibida volfram, barit, qo’rg’oshin, lignit xom ashyosi bo’lgan yirik konlar topilgan hamda neft qazib olinadi.