CHIKAGO

CHIKAGO — AQShning shimoliy qismidagi shahar, Illinoys shtatida. Aholisi 2,9 million kishi (2002). AQShning yirik transport yo’llari chorrahasi. Michigan ko’lining Janubiy g’arbiy sohilidagi port, ko’lga Chikago daryosi (Buyuk ko’llardan Missisipi daryosiga boriladigan suv yo’li) quyilish yerida. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dunyoda eng yirik temir yo’l uzeli. Iqtisodiy ahamiyati bo’yicha Chikago mamlakatda Nyu-Yorkdan keyin 2-o’rinda. Mamlakatning savdo-moliya, ilmiy va madaniy markazlaridan. Yetakchi tarmog’i — og’ir sanoat (xususan, metallsozlik), shuningdek, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlikning turli sohalari rivojlangan. Radioelektronika va elektrotexnika (telefontelegraf apparatlari, maishiy elektrtexnikasi, radio va televizorlar ishlab chiqarishning muhim markazi), avtomobilsozlik, priborsozlik, aviatsiya sanoati korxonalari mavjud. Turli sanoat jihozlari, metal konstruktsiyalar, quvurlar, temir yo’l vagonlari va lokomotivlar va boshqalar ishlab chiqariladi. Chikago — mamlakatning kimyo, neftni qayta ishlash, qog’oz, poligrafiya, oziq-ovqat sanoatlarining yirik markazlaridan. Metropoliten qurilgan. universitetlar, badiiy institut, tabiat tarixi, fan va sanoat muzeylari bor. Shahar o’rnida 1803 yilgacha qishloq bo’lgan, 1833 yildan shahar maqomiga ega.