CHILUCHOR CHASHMA

CHILUCHOR CHASHMA — mezolit davriga oid makon (miloddan avvalgi 8—7-ming yilliklar). 40 dan ortiq buloqlarning qo’shilish joyidan topilgani uchun shu nom bilan atalgan. Tojikistonning Xatlon viloyati, Shahrituz tumani g’arbida joylashgan. 1953 yilda A.P. Okladnikov o’rgangan. Topilgan tosh qurollar, asosan, chaqmoqtoshdan yasalgan, ular uchi o’tkir tosh parrakchalar, to’g’ri to’rtburchak shaklidagi mayda tosh qurollar, prizma shaklidagi nukleuslar, qirg’ichlar va boshqa har xil tosh parchalaridan iborat. Chiluchor chashma makonidan topilgan qurollar kapsa madaniyatiga xos qurollar xiliga kiradi.