CHIM
CHIM — tuproqning ko’p yillik o’t (ajriq, itqo’noq va boshqalar) ildizlari, poyalari va ildizpoyasi o’rami bilan qoplangan ustki qavati. Tarkibida organik modda ko’p. Qo’riq va o’tloq yerlarda paydo bo’ladi, nam to’plash va shimish uchun xizmat qiladi. Chimdan maxsus usulda ko’chirilgan bo’laklar ko’kalamzorlashtirish va sug’orishda egatlarga suv tarashda suv tuproqni yuvib ketmasligi uchun dahana yonlariga bosishda ishlatiladi. Yerni haydashda va mol boqilganda Chim buzilsa, tuproq eroziyasi ro’y beradi. Chimli tuproqlar chimqirqar plug bilan haydaladi, disklanadi.