CHORTOQSOY
CHORTOQSOY – Qirg’iziston Respublikasi (ozroq qismi) va Namangan viloyatidagi soy. Chatqol tizmasining Bo’zbittov tog’i (2875 metr) yon bag’ridan boshlanib, asosan, Uychi tumani hududida tugaydi. Kuchli sel kelgan paytlaridagina Sirdaryogacha yetib keladi. Shimoliy Farg’ona kanali bilan kesishgan joyda kanal suvi Chortoqsoy ostidan dyuker orqali o’tgan. Uzunligi 67 kilometr. Havzasining maydoni 715 kilometr kvadrat. O’rtacha yillik suv sarfi 1,8 metr kub/sekund. Yog’in-sochin va buloq suvlaridan to’yinadi. Chortoqsoy Pochchaota sug’orish sistemasiga kiradi. 1957 yil Chortoqsoyda nasos stansiyasi qurilib 6 ming gektardan ziyod yer sug’oriladigan bo’ldi. Bahorgi sel va toshqinlarning buzish kuchini kamaytirish uchun Alixon qishlog’i yaqinida sel suvini to’playdigan selxona qurildi. Soy bo’yida Chortoq shahri va sanatoriysi, qishloqlar joylashgan.