CHODIR XAYOL
CHODIR XAYOL — o’zbek an’anaviy qo’g’irchoq teatri turi. Odatda, qo’g’irchoqlarning boshi, iyagi, kindagi, tirsagi, Bilagi, tizzasi, to’pig’i iplar bilan bog’lanib, bir uchi dastcho’pga ulanadi. Parda ortida turgan qo’g’irchoqboz dastcho’pdan ushlab qo’g’irchoqni sahnaga olib chiqadi va iplarni tortish orqali ularni harakatga keltiradi. Sayilgoh, ko’cha yoki hovlida orti tabiiy to’sinli joy tanlanib, uzunligi 5— 6 metr, bo’yi 2-2,5 metr keladigan rangdor yoki yo’l-yo’l chitdan parda tutiladi. Uning o’rtasi kesilgan bo’ladi. Chodir deb atalgan bu joyning ortida uzunligi 3— 3,5 metr, bo’yi 20-25 santimetr keladigan ichki qora chodir bo’lib, uning ham pastki tomoni 180 santimetr uzunlikda va 70-75 santimetr balandlikda kesiladi va o’yin joyi hosil qilinadi. Ichki chodir Ostona, ustun, bolor, tirgovuchlardan iborat moslama bilan tiklanib turadi. Yarim metrgacha ichkarida qora orqa parda bo’ladi. Tomoshalar, odatda, kechqurun ko’rsatilib, 50 tacha qo’g’irchoq o’ynatilgan. Chodir xayol O’zbekiston hududida taxminan 6-asrda maydonga kelgan. 14-asrning 2-yarmidan 16-asrning boshigacha keng taraqqiy etgan. Dastlab xalq afsonalari, mifologik syujetlar yoritilgan bo’lsa, 18-19-asrlarda unda satirik bo’yoqlar bilan saroy hayoti, bozor manzaralari aks etgan. 2 yirik komediya o’ynalgan. Etnograf M.F.Gavrilov tufayli Chodir xayol teatrining “Sarkardalar” komediyasi, P.A.Komarov tashabbusi bilan uning 47 ta qo’g’irchog’i yetib kelgan. Chodir xayolning eng so’nggi “saltanat” nomli spektakli (S. Abdulla qayta ishlagan) 1937 yil o’zbek san’ati dekadasi munosabati bilan Toshkent va Moskvada ko’rsatilgan. Ad. Qodirov M., Xalq qo’g’irchoqteatri, T., 1972. Muhsin Qodirov.