CHOYMOMO

CHOYMOMO — o’zbek folklorida shamol homiysi sifatida tasavvur qilingan mifologik obrazlardan biri. Surunkali esgan shamolni to’xtatish uchun Choymomoga murojaat qilish bilan bog’liq turli xil ishonch e’tiqodlarni o’z ichiga olgan marosim Chimkent viloyatida yashovchi o’zbeklar tomonidan o’tkazib kelingan. Qadimda odamlar kuchli yel, quyun yoki dovul sifatida namoyon bo’ladigan hamda ekin-tikinlarni payhon qilib, daraxtlarning mevasini to’kib, katta ziyon yetkazadigan shamolni yovuz kuch alomati deb bilishgan. Bevaqt esgan shamolni to’xtatish va hosil nobudgarchiligining oldini olish maqsadida bu tabiiy hodisaga turli magik amallar bilan ta’sir kursatishga harakat qilishgan. Ana shu mifologik qarashlar asosida shamol homiysi sifatida tasavvur qilingan Choymomo obrazi hamda u bilan bog’liq shamol to’xtatish marosimi yuzaga kelgan. Choymomo marosimining qadimgi ko’rinishi ayollar tomonidan o’tkazilishi hamda ijro etiladigan “Choymomo”qo’shig’ining matnida epiklik va emotsionallik aks etib turishi bilan xarakterlansa, ma’lum o’zgarishlarga uchragan ko’rinishi shamol to’xtatish amallarining faqat erkaklar tomonidan bajarilishi va “Chuychuy momo” qo’shig’i ijro etilishi bilan farqlanib turadi. Choymomo marosimining o’tkazilish tartibi va unda aytiladigan qo’shiqlarning bir necha xil tiplari mavjud. Masalan, uning bir ko’rinishida keksa ayollar bilan 5-7 ta bo’y yetgan qizlar ishtirok etsa, boshqa bir variantida Chodrali kampir bilan 7 yetim qiz qatnashgan. Marosimning uchinchi lokal variantida esa barcha udumlar 3 nafar kampir tomonidan bajarilgan: ulardan biri o’qlog’ini minib olsa, ikkinchisi supurgi ushlab olgan, uchinchi kampir xonadonlardan yig’iladigan masalliklarni (un, bug’doy va shu kabilarni) to’rvaga solib ko’tarib yurgan. Uch kampir ana shu holatda qishloqdagi har bir uy oldiga borib, “Choymomo”qo’shig’ini aytishgan: Choymomo, choy, choy, choy, chayilib qolsin quv shamol, Bosabosa beringlar, Bosilib qolsin quv shamol! Ugauga beringlar, Ugilib qolsin bu shamol. Choymomolar o’libdi, o’g’li yetim qolibdi, Choymomoning onasi amakimga boribdi, Choymomo, choy, choy, chayilib qolsin quv shamol… Ad.: Divaev A., Zaklinanie i priziv vetra, v kn.: Etnograficheskoe obozrenie, VIP. 12, 1910; Sarimsoqov B., O’zbek marosim folklori, T., 1986; Taydjanov K., Ismailov X., Osobennosti doislamskix verovaniy u uzbekovkaramurtov, v kn.: Drevnie obryadi, verovaniya i kulti narodov Sredney Azii, M., 1986. To’ra Mirzaev, Mamatsul Jo’raev.