CHOKARDIZA

CHOKARDIZA — tarixiy mavze. Samarqand shahrining Registon majmuasi yaqinida, hozirgi Vobkent, G’ijduvon va Buxoro ko’chalari oralig’ida joylashgan. Ilk o’rta asrlarda (5-7-asrlar) bu yerda harbiy istehkom bo’lgan. Chokardiza — “chokar” — jangchi va diza — qal’a, ya’ni “jangchilar qal’asi”dan olingan. Qal’a yaqinidan Chokardiza kanali ham o’tgan, u 1220 yilgacha “Jo’yi Arziz”ga ulanib, Samarqandni suv bilan ta’minlab turgan. 9-asrda Chokardizada Imom Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Sammosi Mutava’iyning bog’i, o’rtasida esa masjid bo’lgan. Imomning o’zi ham shu yerga dafn etilgan. Keyinchalik Chokardiza musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biriga aylangan. Chokardizada mashhur imomlar Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad an Nasafiy va boshqalar dafn etilgan. 2000 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Chokardizada katta ta’mirlash ishlari o’tkazilib, Moturidiy yo’dgorlik majmui bunyod etiddi. Azim Malikov.