CHORGOH
CHORGOH (fors—to’rt va joy, o’rin) — 1) o’n ikki maqom tizimidagi 24 sho’balardan birining nomi. Tovushqatori 2 butun (204 va 180 tsent) va yarim ton (114 tsent) oralig’ida joylashgan pardalar tuzilmasiga asoslangan. O’tmishda bastakorlar Chorgohning pardalari negizida turli shakl va janrlarda asarlar yaratishgan. Chorgoh makom yo’llari hozirgi kunga kadar xilma-xil ijod va ijro uslublari orqali bizgacha yetib keldi. Muayyan maqom yoki sho’ba tovushqatorining to’rtinchi pardasi ham Chorgoh deyiladi. Musiqa ijodkorlari tomonidan xar xil maqom va sho’balarga tayangan holda Chorgoh nomida kuy va ashulalar bitilgani ma’lum. Masalan, “Chorgohi Ajam” (Ajam sho”basining chorgohi) kabi. Bu asar O’rta asrlarda 24 murakkabotning biri sanalgan; 2) Shashmaqom hamda Xorazm maqomlari majmuasidagi Dugoh makrmida tarkibiy cholg’u kuy va ashula yo’llari: “Muxammasi Chorgoh”, “Talqini Chorgoh”, “Nasri Chorgoh”, “Ufari Chorgoh”, “Savti Chorgoh”, “Talqinchai Savti Chorgoh”, “Qashqarchai Savti Chorgoh”, “Soqiynomai Savti Chorgoh”, “Ufari Savti Chorgoh”. Ular parda tuzilishining dastlabki to’rt pog’onasi O’n ikki maqom Chorgoh sho’basiga mos keladi. Chorgoh maqom yo’llari yorqin va yoqimli yangraydi, tinglovchida xush kayfiyat uyg’otadi. Chorgoh sho’balarining o’zgacha uslubiy yo’llari ham yaratilgan. Chunonchi, Toshkent, Farg’onada mashhur Chorgoh ashula yo’llari, “yovvoyi Chorgoh”, surnay kuylari, Sodirxon Hofiz (Bobosharifov) yaratgan “Chorgohi Munojot” shular jumlasidan. Mazkur vohalarda mashhur Chorgoh yo’llari 5 qismli yirik shakldagi ashula turkumidan iborat. ” Chorgoh 1″ Saraxbor, ” Chorgoh 2″ tarona, ” Chorgoh Z” savt, ” Chorgoh 4″ Qashqarcha, ” Chorgoh 5″ va Chorgoh 6″ Ufar doira usullari asosida ishlangan; 3) Eron dastgohlari, Ozarbayjon mug’omlari va uyg’ur muqomlaridan birining nomi. Mazkur Chorgohlarning parda tuzilishi birbiriga yaqin bo’lsada, kuy-ohanglari, usul va uslublari o’z milliy va mahalliy musiqasiga xosdir.