CHORYORLAR
CHORYORLAR (fors—to’rt do’st) — Muhammad (sav) vafotidan keyin Arab xalifaligida hokimiyat tepasida turgan dastlabki 4 xalifa (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali). Ularni Choryorlar deb atash Eron, Afg’oniston va O’rta Osiyodagi oddiy dindorlar orasida rasm bo’lgan. Choryorlar Arab tilidagi diniy manbalarda “Xulafo arroshidin” (“To’g’ri yo’ldan borgan xalifalar”) nomi bilan tilga olinadi. Choryorlar Xalifalikni boshqarish va kengaytirish, qo’shni yerlarni fath etib Islom bayrog’i ostida birlashtirishga rahnamolik qilgan hukmdorlardir. Islomda Choryorlar “payg’ambar noiblari” hisoblanadilar. Islom an’anasida Choryorlar hukmronlik davri Islomning oltin asri deb yuritiladi. Bu davr 30 yil davom etgan.