DAVLAT UY-JOY FONDI

DAVLAT UY-JOY FONDI – davlatning ixtisoslashtirilgan uylari (yotoqxonalar, nogironlar, faxriylar, yolgiz keksalar uchun internat uylari, Mehribonlik uylari va boshqa maxsus maqsadlar uchun mo’ljallangan uylar), shuningdek, davlat ixtiyoridagi idoralar, tashkilotlar, turli muassasalarning uy-joy binolari. Davlat uy-joy fondi mahalliy hokimiyat idoralariga qarashli va davlat tasarrufidagi tashkilotlar, korxonalar, muassasalar va boshqalarga qarashli turar joy fondlaridan iborat. Ular ixtiyoridagi turar joy fondlariga xizmat ko’rsatish vazirliklar, idoralar qoshidagi kommunal xizmat ko’rsatish tarmoqlari tomonidan amalga oshiriladi. O’zbekistonda Davlat uy-joy fondining shakllanishi 20-asrning 20-yillaridan boshlandi. 1924-90-yillarda respublikada moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga kommunal uy-joy xo’jaligiga xizmat ko’rsatish tarmogi barpo qilindi va jami 250,4 million metr kvadrat uy-joy fondi qurildi (shundan 79,1 million metr kvadrat davlat, jamoat, uy-joy qurilishi shirkatlari uyjoy fondi, 171,1 million metr kvadrat fuqarolarning shaxsiy uy-joyi). O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, iqtisodiyotni isloh qilish, bozor iqtisodiyotiga o’tish natijasida davlatning uy-joy siyosatida ham tub burilish yasaldi. O’zbekiston Respublikasining “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to’g’risida” (1993 yil 7 may), “Davlat uy-joy siyosatining asoslari to’g’risida”gi qonunlari qabul qilindi (1996 yil 27 dekabr). Shahar va qishloqlarda zamonaviy andozadagi binolar qad ko’tardi. Keyinchalik aholi turar joylarini yaxshilash uchun juda ko’plab mablag’lar sarflandi. Davlat uy-joy fondining qariyb 98,8% fuqarolar xususiy mulkiga aylantirildi. 1992— 93 yillarda umumiy maydoni 57,4 million metr kvadrat bo’lgan 990,6 ming kvartira arzon baholarda, shu jumladan 18,8 million.metr kvadrat bo’lgan 318,7 ming kvartira (madaniyat, maorif, sog’liqni saqlash xodimlariga) bepul xususiy mulk qilib berildi.