EYNSHTEYN ALBERT
EYNSHTEYN ALBERT (1879.14.3, Ulm, Germaniya — 1955. 18.4, Prinston, AQSh) — nazariyotchi fizik olim, nisbiylik nazariyasi asoschisi, maydon kvansh nazariyasi va statistik fizika asoschilaridan biri. Syurix politexnikumini tugatgan. Syurix universiteti (1909) va Berlin universiteti Bavariya Fanlar Akademiyasi fizika instituti direktori (1914-33). 1933 yildan to umrining oxirigacha Prinston institutida (AQSh) ishlagan. Ilmiy ishlari asosan nisbiylik nazariyasiga doir. Eynshteyn massa va energiyaning o’zaro bog’liqligi qonunini kashf qilgan (1905). Maydon kvant nazariyasining yaratilishida Eynshteynning hissasi juda katta. Yorug’lik nurlanishini yorug’lik kvantlari yoki fotonlar oqimidan iborat, deb hisoblab, yorug’lik nurlanishining diskretligi, kvant strukturaga ega ekanligi haqidagi tasavvurni fanga kiritgan, Broun harakatining molekulyarstatistik nazariyasini rivojlantirgan (1905), fotonni nazariy jihatdan kashf qilgan. Kvant nazariya asosida temperatura pasayishi bilan qattiq jism issiqlik sig’imining kamayishini (1907), muvozanatli nurlanish energiyasining fluktuatsiyasini birinchi marta ko’rib chiqqan (1909); fotoeffektiv, flyuoressentsiya uchun Stoks qoidasini, fitoionlanish va boshqalarni tushuntirib bergan (1912), fotokimyoning asosiy qonuni (Eynshteyn qonuni) ni ochgan (1912), nurlanish uchun korpuskulyar-to’lqin dualizm, induktsiyalangan (majburiy) nurlanish hodisasini oldindan aytib bergan (1916). Eynshteyn jismlar magnitlanganda mexanik momenti o’zgarishi hodisasini bashorat qilgan va tajribada ko’rsatgan (niderland fizigi V. de Xaaz bilan hamkorlikda, 1915). Eynshteyn gravitatsion to’lqinlar haqida postulat qabul qilib (1916), gravitatsion nurlanish quvvati formulasini keltirib chiqargan (1918). Buto’n spinli zarralarning kvant statistikasi (Boze — Eynshteyn statistikasi) ni yaratgan (1924-25). 1933 yildan kosmologiya va maydonning yagona nazariyasi bilan shug’ullangan. Eynshteyn ijtimoiy-siyosiy voqealarni ham kuzatib borgan. U urush va fashizmga qarshi chiqqan. Eynshteyn 1940 yilda fashistlar Germaniyasida yadro quroli borligi to’g’risida AQSh prezidenti F. Ruzveltga xat yozdi. U yadro qurolining qo’llanilishiga qarshi bo’lgan. Eynshteynning ilmiy ishlari hozirgi zamon fizikasining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Nobel mukofoti laureati (1921).