“ESHVOY”

“ESHVOY” — Xorazm Doston noma (kuy)lari asosida yaratilgan kuy va ashulalar nomi. 18-asrda yashagan mashhur shovotlik Eshvoy baxshi nomiga nisbatan berilgan: “Eshvoy”ning dastlabki namunasi — “Doston “Eshvoy”ni baxshining o’zi yaratgan. “Eshvoy” yo’llari Xorazm maqomlaridagm Iroq naqshlariga hamohang bo’lib, ular o’zbek hamda turkman va qoraqalpoq xalqlari orasida ommalashgan: masalan, Eshvoy baxshining shogirdi Suyav baxshi yaratgan “Turkman Eshvoyi”, dutor uchun bastalangan “Eshvoy Urganjiy” va boshqalar “Eshvoy”ning Kurd kuyi ohanglari asosida yaratilgan “Kurd Eshvoyi” ashulasi O’zbekistonning barcha hududlarida mashhur. To’ychi Hofiz bastalagan “Farg’onacha Eshvoy”ning ashula yo’li Toshkent va Farg’ona vodiysida tarqalgan bo’lib, oldin Xorazmcha Ufar usulida, keyinchalik taronalar usulida ijro etilgan. Ayniqsa, uning Muhiddin Qoriyoqubov, Jamolqori G’iyosov (o’z hamnafaslari bilan) ijro talqinlari ommalashgan. “Farg’onacha Eshvoy”ning kuy yo’li yirik shakldagi asaridir. Mazkur kuyni Sh. Mirzayev Lutfiy g’azaliga bog’lab yangi variantini bastalagan (M. Yo’lchiyeva ijrosida mashhur). Botir Matyoqubov.