EFTALIYLAR DAVLATLARI

EFTALIYLAR DAVLATLARI — O’rta Osiyo va unga qo’shni mamlakatlarda milodiy 5-asr o’rtasida barpo etilgan davlatlar: 1) O’rta Osiyodagi Eftaliylar davlati mil. 5-asr oxiri — 6-asr boshida ravnaq topib, uning hududi hoz. Afg’onistonning katta qismi, O’rta Osiyo va Sharqiy Turkistonning Sharqiy va Jan.Sharqiy viloyatlarini o’z ichiga olgan. Uning asosiy negizini Baqtriya-Toxariston tashkil etgan. Shu erdan turib eftaliylar qo’shni mamlakatlarga yurishlar qilganlar. Eftaliylar Sosoniylar Eroni ustidan bir qancha janglarda zafar quchgan, janglardan birida sosoniylar shahanshohi Peroz halok bo’lgan. U ko’p yillar mobaynida eftaliylarga katta miqdorda tovon to’lab kelgan edi. O’rta Osiyodagi Eftaliylar davlati bir qancha yarim mustaqil mulklarning konfederatsiyasidan iborat bo’lib, ularni eftaliylar podshosiga tobe merosiy sulolalar boshqarar edi. Bu yerda Hindistondagi kabi tanga pullar markazlashgan tartibda zarb qilinmagan, aksincha deyarli har bir mulk o’zining kumush yoki mis tangasini zarb qilgan. Saltanatda bir necha turdagi yozuvlar (Sug’d, baqtriy, braxmi va boshqalar) mavjud bo’lgan, lekin baqtriy yozuvi davlat yozuvi hisoblangan. Eftaliylarning o’zi dastlab ko’chmanchi bo’lib, keyinchalik shaharlarni bosib olishlari bilan, asosan, o’troq hayot tarziga o’tgan bo’lsalar kerak. Shu tufayli Vizantiya tarixchilari (Menandr) eftaliylarning shahar qabilasi sifatida ta’riflaydi. Eftaliylar jamiyatida mulkiy tabaqalanish mavjud edi. Eftaliylar kuchli, asosan, otliqlardan iborat qo’shinga ega bo’lgan. Eftaliylar orasida poliandriyaning shakllaridan biri hukm surgan. Eftaliylar o’t va quyoshga sig’inishgan, O’rta Osiyodagilar esa — budsaviylik, manixeylik, xristianlik, zardushtiylikka e’tiqod qilishgan; 2) Eftaliylar Hindistonga bostirib kirishi natijasida vujudga kelgan. Shimoliy Hindiston, Pokiston va Janubiy Sharqiy Afg’oniston hududidan iborat bo’lgan. Hindistondagi Eftaliylar davlati milodiy 5-asr oxiri — 6-asrning 1-yarmida, To’ramon va uning vorisi Mixirakula davrida kuch-qudratga to’lib, ravnaq topgan. 6-asr o’rtalariga kelib tanazzulga yuz tutgan. Ad: Rtveladze E. V., Velikiy shelkovga put, T., 1999.