Bilasizmi?

Uslublashtirish nima?

U yoki bu uslubning nihoyatda o’ziga xos belgilariga yot bo’lgan badiiy va madaniy kontekstda atayin ergashishni uslublashtirish deb atashaladi. Bu usul XVIII asr oxirlaridan e’tiboran turli rassomlarning ijodiy amaliyotiga kirib kela boshladi. Ular antik va uyg’onish davri asarlaridan o’zlashtirilgan usullardan foydalandilar, qolaversa o’zlariga zamondosh namoyandalarni ularning shaxsiy uslubida qayta inkishof etdilar. Me’morchilikdagi uslublashtirish ayniqsa maroqlidir. U aksariyat me’morlar u yoki bu davr uslubida imoratlar bunyod eta boshlagan XIX asr oxirlari — XX boshlarida ancha keng tarqaldi: Moskvadagi I1-XII asrlar obidalari namunasi asosida qurilgan Marfomarininskaya ibodatxonasi yoxud Morozovlarning Mavritaniya uslubida inshoot etilgan xususiy koshonasi bunga misol bo’la oladi. Kitob grafikasida uslublashtirishdan hozirga qadar muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Shunday bo’lsa-da, teatr dekoratsiyasi san’atida uslublashtirish nihoyatda muhim va samaralidir. Voqealari uzoq o’tmishda bo’lib o’tadigan spektaklni sahnalashtirayotganda rassom o’tmish ko’rinishlarini qayta yaratishi lozimki, bunda unga uslublashtirish yordam beradi. Uslublashtirish musiqada ham ish beradi. Masalan, I. Stravinskiy va D. Shostakovich muayyan davrlar folklor musiqasi va nag’malaridan juda ko’p foydalanishgan. Pop-musiqa janrlarida ijod qiluvchi muganniylar ham uslublashtirishdan bahramand bo’lishadi.