Vakuum nima?

Ko’pgina odamlar “vakuum”ni — hech narsasiz bo’shliq deb o’ylashadi. Biroq, olimlarning tasdiqlashlaricha, bunday bo’shliq yo’q. Ularning ta’kidlashicha, ichida umuman hech bir moddiy narsa: na biron gaz molekulasi, va na chang zarrachasi bo’lmagan joyni topib bo’lmasa kerak. Shunday qilib, vakuum, aslida ichida moddiy unsurlar eng siyraklashgan darajadagina mavjud bo’shliqdir. Chuqur vakuum — muhitda deyarli hech narsa qoldirilmagan bo’shliqdir. Biroq bu iborada “deyarli” so’zi baribir bosh ahamiyatga ega. Vakuum hosil qilishning eng oddiy usuli vakuumlashtirilishi mo’ljallangan idishning ichidan havoni so’rib olishdir. Hozirgi kunda ham ilmiy, ham har xil ishlab chiqarish maqsadlari uchun zarur chuqur vakuumlarni yaratishga imkon beruvchi kuch-qudrati yetarli nasoslar mavjud. Ular, masalan, ichidan havosi so’rib olingan elektr lampochkalarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Agar, bordi-yu, elektr lampochkalari ichida ozgina havo qoldirilsa, uning tarkibida mavjud kislorod lampochka tokka ulangan zahotiyoq tolalarini kuydirib yuborgan bo’lur edi. Eng zamonaviy lampochkalarda vakuum nasoslari yordamida ularning ichidagi deyarli bor havoning hammasi so’rib-sug’urib olinadi. Televizorlar va radiopriyomniklarda ishlatiladigan elektron lampochkalar to’g’risida ham shu gaplarni aytish mumkin. Ularning og’zi bekitilishidan oldin ichidagi havo iloji boricha so’rib olinadi. Odamlarga yaxshi tanish bo’lgan yana bir buyum — termoslarda ham vakuumdan foydalaniladi. Termoslar qo’shqavatli “devor”ga ega, devorlar orasida havosiz bo’shliq — vakuum yaratilgan. Bunday bo’shliqda gaz molekulalari miqdori g’oyat oz darajada, ular bir-biridan olis masofalarda joylashgan, xuddi shu sababli ularning orasida o’zaro issiqlik uzatish kamayadi. Shu boisdan, agar issiq yoz kunlarida termosta sovuq sut quyilsa, u shunday sovuqligicha saqlanadi. Yoxud, aksincha, termosga quyilgan qaynoq choyning eng sovuq havoda ham qaynoq holati yo’qolmaydi.