TO’QQIZ O’G’UZ

TO’QQIZ O’G’UZ, tug’izo’g’uz (qad. turkiycha o’g’uz — qabila) — qadimgi turkiy qabila ittifoqlaridan biri. To’qqiz o’g’uz (seyanto) qabila Ittifoqining asosini 9 qabila — seyanto, uyg’ur, paegu, tunlo, xun, xusye, atye va boshqalar tashkil qilgan. Ular hozirgi Tiva, Oltoy, telengut, uyg’ur xalqlarining ilk ajdodlari hisoblanadi. 6-asr oxiri — 7-asr boshlarida yirik qabila ittifoqlaridan tele o’z mustaqilligi uchun Turk xoqonligiga qarshi kurash olib borgan. Bir qismi esa, Gobi sahrosining shimolga, Tolo daryosi (Lena daryosining yuqori oqimlaridan biri) bo’ylariga ko’chib kelib, yangi Tele xoqonligini tashkil etishgan. Bu xoqonlikni seyanto qabilasi boshqargan. To’qqiz o’g’uz hukmronligidagi xoqonlikka Mo’g’uliston va Tuva yerlari kirgan. 7-asr o’rtalarida To’qqiz o’g’uz tarkibidagi uyg’urlar kuchayib, ular hukmron rol o’ynagan. 8-asr o’rtalarida uyg’ur va qarluqlarning to’xtovsiz hujumlari natijasida Turk xoqonligi yengilgan. Markaziy Osiyoning g’arbiy qismi uyg’urlar qo’liga o’tgan. Uyg’ur qabila Ittifoqi bir qancha qabilalarni, jumladan, To’qqiz o’g’uzlarni ham birlashtirgan. Ilk o’rta asrlarda uyg’ur qabilalari Ittifoqi To’qqiz o’g’uz deb atalgan. Uyg’urlarning ilk ajdodlari tele qabila Ittifoqi tarkibida bo’lgan. Keyinchalik kuchayib 663 yilda 1-mustaqil Uyg’ur xoqonligini barpo etgan. Lekin ularning mustaqilligi uzoqqa bormaydi. Uyg’urlar Sharqiy Turk xoqonligiga tobe bo’ladilar. 2-turk xoqonligi inqirozga uchragach, uyg’urlar 8-asr o’rtalarida yirik uyg’ur xoqonligini tashkil qilib, hozirgi Mo’g’ulistonning katta qismiga egalik qiladilar. Basmil, qisman qarluqlar (asosan, Xangay tog’i oldida yashovchilar) uyg’urlar tasarrufida bo’lganlar. 840 yil qirg’izlar To’qqiz o’g’uzlarga (uyg’urlarga) qattiq talafot yetkazganlar. Shundan keyin uyg’urlar bir necha guruxlarga bo’linadilar. Bularning bir qismi shim. Xitoygacha, 2-qismi Beshbaliq va uning atroflarigacha, 3-qismi Turfon vohasiga kelib joylashib, kichik Uyg’ur davlatini barpo etadilar. Ad.: Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.