TO’QMOQ
TO’QMOQ — Qirg’izistondagi shahar (1927 yildan). Chu vodiysining Sharqiy qismida, Chu daryosining chap sohilida. Aholisi 71,7 ming kishi (1990-yillar oxirlari). To’qmoq 19-asr boshlarida Qo’qon xonligi hududida qal’a sifatida vujudga kelgan. Aholisi hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullangan. 1938 yilda to’qmoq shahrigacha temir yo’l o’tkazilgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha (Bishkekdan keyin) 2-o’rinda turadi. To’qmoqda konserva, shakarqand, sut, shisha, avtomobil ta’mirlash, tosh kesish temirbeton buyumlari zdlari, “Goldstar” radio zavodi, go’sht kombinati, karton, jun, kigiz bosish, junga dastlabki ishlov berish fabrikalari, qishloq xo’jalikni mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish texnikumi, tibbiyot va madaniy-ma’rifiy bilim yurtlari bor. Shahardan 15 kilometr Janubda minorali o’rta asr Burana xarobalari (11-asr boshlari) joylashgan.