ESXIL

ESXIL (miloddan avvalgi 525, Afina yaqinidagi Elevsin shahri — 456, Sitsiliya) — yunon dramaturgi, “tragediyaning otasi”. Uning 80 dramasidan “eroniylar” (472), “Fivaga qarshi ettovlon” (467), “Oresteya” (458), ” Iltijogo’ylar hamda “zanjirband Prometey” bizgacha yetib kelgan. Boshqa tragediyalaridan faqat parchalar ma’lum. “Baliqchilar”, “Elchilar yoki istmiyliklar” satiric dramalarining parchalari Misr papyrus qog’ozlarida saqlangan. Esxil Afina demokratiyasi avj olgan davrda yashagan va bu sharoit uning ijodiga ham ta’sir etgan. Tragediyaga 2-aktyorni kiritib, uni chinakam dramatik janrga aylantirgan va dialog konfliktining yuzaga kelishiga imkon yaratgan. Esxil tragediyalari monumental, kompozitsiyasi mutanosib; ularda xor yetakchi o’rinda, personajlar tavsifnomasi ziddiyatlardan holi va qatiy maqsadga qaratilgan. Esxil tragediyalarida insonparvarlik, vatanparvarlik kabi ijtimoiy va axloqiy muammolarni ko’tarib chiqqan. Prometey haqidagi trilogiyasidan faqat “Zanjirband Prometey” tragediyasi saqlangan. Prometey timsolida zulmga qarshi, adolat uchun kurashuvchi inson obrazini yaratgan. “Oresteya” trilogiyasi (“Agamemnon”, “Xoeforlar”, “Evmenidlar”)da qabila-urug’chilik hayotidan saqlanib qolgan ba’zi zararli urfodatlar qoralangan. Asarlari ko’p tillarga tarjima qilingan. La.:Yarxo V.N., Esxsht, M, 1958; Trenchenival dapfel I., Prometey prikovannmy i osvobojdennsh, “Antich. obshestvo” to’plamida, M., 1967; Alimuxamedov A., Antik adabiyot tarixi, T., 1975.