TAMAN YARIM OROLI

TAMAN YARIM OROLI – G’arbiy Kavkaz oldidagi yarim Orol. Rossiya Federatsiyasi Krasnodar o’lkasi tarkibiga kiradi. “Taman” so’zi adigey tilida “temen” — botqoqlik demak. Shimoldan Azov dengizi, Janubdan Qora dengiz, g’arbdan Kerch bo’g’ozi bilan o’ralgan. Maydoni 2000 kilometr kvadratga yaqin. Qirg’oqlari past, qo’ltiqlar bilan kesilgan (eng yirigi Taman qo’ltig’i). Relefi kenglik bo’ylab cho’zilgan antiklinal qator tepalardan iborat, paleogen va neogen davrlariga mansub gilli tog’ jinslaridan tashkil topgan. Taman yarim orolida balchikli vulqan konuslari (umumiy soni 25 dan ortiq) bor, ularning balandligi 164 metrgacha. Qator tepalar orasidagi pastqam yerlar to’rtlamchi davr yotqiziqlari bilan to’lgan. Bulardagi hamma tomoni berk sho’r suv havzalari va qo’ltiqchalar sho’rxokzorlar bilan tutashib ketadi. Neft, yonuvchi gaz, temir ruda konlari ochilgan. Iqlimi quruq. Yiliga 400 millimetrgacha yog’in tushadi. Yer yuzasining ancha qismi haydalgan, bug’doy, makkajo’xori ekiladi. Tokchilik, bogdorchilik rivojlangan. Taman yarim orolida Temryuk shahri bor.