YO’LDOSHEVA MUHABBAT
YO’LDOSHEVA MUHABBAT (1923.8.3, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1969). 1939 yildan Respublika yosh tomoshabinlar teatrida ishlaydi. U yaratgan obrazlarning aksariyati ijobiy bo’lib, uning qahramonlari hayotiyligi, samimiyligi, dramatik kuchi, inson psixologiyasini chuqur his qila bilishi va uning ruhiy holatini tomoshabinga to’liq yetkaza olishi bilan ajralib turadi. “Qamar” (X. Qosimov) spektaklidagi Qamar uning sahnadagi ilk rolidir. Eng yaxshi rollari: Zolushka (“Zolushka”), Gerda (“Qor malikasi”), G’ujumoy (“Qovoqvoy va Chanoqvoy”), Mo”tabar (“Mardlar qissasi”), Galya (“Amu qahramonlari”), Juliya (“Veronalik ikki yigit”), Eremeyevna (“noraso”), Dora xola (“Tom tog’aning kulbasi”), ona (“Shum bola”) va boshqalar. U, shuningdek, travesti roller ustasi. Telespektakllarda Buviniso (“Elmurod”), Xosiyat xola (“Erk”), ona (“Qoraqalpoq qizi”), Sora (“g’ulg’ula”), Muloyim xola (“Qaynona”), Halima (“Xoji afandi uylanarmish”) kabi obrazlar yaratgan. “Mehnat shuhrati” ordeni (1997), “jasorat” medali bilan mukofotlangan (1994).