YETTISHAHAR UYG’UR DAVLATI
YETTISHAHAR UYG’UR DAVLATI – Xitoydagi manjur imperiyasiga qarshi milliy ozodlik kurashi davrida Sharqiy Turkistonda vujudga kelgan davlat (1864-78). Uning hududi hozirgi Shinjong Uyg’ur Muxtor O’lkasining Qulja (Ili sultonligi), Oltoy, Chuguchak viloyatlaridan tashqari 7 shaharni (Qashqar, Yorkent, Xo’tan, Kuchar, Oqsu, Qorashahar, Turfan) o’z ichiga olganligidan mazkur mamlakat Yettishahar uyg’ur davlati deb nomlangan. 1864 yil mustaqillik uchun manjur imperiyasiga qarshi xalq qo’zg’olonlari boshlanib ketgan. Qashqarda Siddiqbek boshchiligidagi qo’zg’olonchilar Qo’qon xonligilan Yorkent xonligining taxt vorislaridan birini yuborishni so’raydi. Alimqul sobiq Yorkent xoni Burqoniddin Xojaning nabirasi Jahongir Xojaning o’g’li Buzruk Xojani va unga Yoqubbek qushbegini harbiy maslahatchi qilib tayinlab, 50 ga yaqin odamni Qashqarga jo’natadi. Buzruk Xoja 1865 yil yanvarda Qashqarga yetib kelishi bilan o’zini xon deb e’lon qiladi. Ammo Buzruk Xojaning qobiliyatsizligidan foydalanib, asta-sekin hokimiyatni o’z qo’liga oladi. U boshda Buzruk Xoja nomidan ish yuritib, Yorkent, Xo’tan, Kuchar xonliklarini birlashtiradi. 1870 yil Urumchi xonligi qo’shilib, Yettishahar uyg’ur davlati yana ham kengayadi. Mustaqillikka erishgandan so’ng mazkur davlatda xalqlarning iqtisodiy ahvoli yuksalib, savdo-tijorat rivojlandi. Eski tarixiy obidalar ta’mirlanib, yangi binolar, karvonsaroylar, harbiy inshootlar quriladi. 1877 yil Urumchi viloyatini egallagan manjurlar katta qo’shin bilan urush boshlaydi. Yoqubbek ruslarning orqa tomondan hujum qilib qolishidan tashvishlanib bir qism kuchni Qashqar atrofida qoldirib, Qorashaharga kelib, qo’shinga qo’mondonlik qiladi. Ammo u ko’p o’tmasdan xoinlar tomonidan zahar berib o’ldiriladi. Yoqubbekning katta o’g’li Bekqulibek xoin Niyozbek qo’shinlarini tor-mor qilib, Hokimxon to’ra qo’shinlariga zarba bergan bo’lsada, manjurlarni butunlay yengolmaydi. 1878 yil Yettishahar uyg’ur davlati tugatiladi. Ad.: Xodjaev A., Tsinskaya imperiya, Djungariya i Vostochniy Turkestan, M., 1979; Isiev D. A., Uygurskoe gosudarstvo Yettishar, M., 1981. Abduxoliq Aytboyev.