YEVENKO VIKTOR IVANOVICH

YEVENKO VIKTOR IVANOVICH (1925.2.3, Toshkent — 1986.19.8) — grafik rassom, O’zbekiston xalq rassomi (1967). P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida ta’lim olgan (1946-50). Rassomlik faoliyatini 2-jahon urushi frontlarida boshladi. O’zbek xalqining tarixi («Bek kelayapti», 1954), mehnati («Qarzdorligi uchun», 1954; «hosil» 1955)ga bag’ishlangan asarlari bor. 50-yillarning oxirlaridan, asosan, grafikada ijod qildi. Bir qator badiiy asarlarni bezadi (R. Fayziyning «cho’lga bahor keldi» qissasi, A. Almatinskayaning «Zulm», Oybekning «qutlug’qon», Asqad Muxtorning «opa-singillar» romanlari va boshqalar), dolzarb mavzularda plakatlar yaratdi («Tinchlik va do’stlik», 1957; «odamlar, tinchlikni saqlang», «Paxta», 1966; «neytron bombasiga yo’l yo’q», 1979; «oq oltinning yuksak sifati uchun», 1981 va boshqalar), jamoat binolari intererlarini, ko’rgazma va bayramlarni bezatishda samarali ishladi.