YER MAGNETIZMI
YER MAGNETIZMI, geomagnetism — 1) yerning magnit maydoni; 2) geofizika bo’limi. Yer magnit maydonining fazoda taqsimlanishini va vaqt davomida o’zgarishini, shuningdek, u bilan bog’liq ravishda yerda va atmosferada sodir bo’ladigan fizik jarayonlarni o’rganadi. Magnit maydonining kuchlanishi T vektor bilan belgilanadi. Gvektorning miqdori Yer magnetizmi elementlari, ya’ni magnit maydonining og’ish burchagi D, gorizontal tashkil etuvchisi ya, egilish burchagi va vertikal tashkil etuvchisi Z bilan ifodalanadi. Yer magnetizmi elementlari to’g’ri burchakli koordinatalar sistemasida quyidagicha joylashgan: X — geografik meridian, Y — geografik kenglik va Z — vertikal chiziq bo’ylab yo’nalgan koordinata o’kdari. T vektorning X, Y, Z o’qlariga bo’lgan proektsiyalari magnit maydonining shimoliy, Sharqiy va vertikal tashkil etuvchilari deb ataladi. T ning gorizontal tekislikdagi proektsiyasi magnit maydonining gorizontal tashkil etuvchisi N ni hosil qiladi. T vektor joylashgan HOZ tekislik magnit meridiani tekisligi deyiladi. HOZ tekisligi bilan HOZ tekisligi orasidagi burchak magnit maydonining og’ish burchagi D ni va kuchlanishi (T vektor) bilan gorizontal tashkil etuvchisi N orasidagi burchak magnit maydonining egilish burchagini tashkil etadi. Yer magnetizmi elementlari kompas, magnit teodoliti, turli magnitometrlar, magnit tarozisi, magnit variometri va boshqalar yordamida o’lchanadi. Bundan tashqari, dengizda, havoda o’lchash uchun kema, samolyot va vertolyotlarga maxsus asboblar o’rnatiladi. Yerning magnit maydoni doimiy va o’zgaruvchan bo’ladi. Doimiy magnit maydoni yer yuzining hamma joyida bo’lib, juda sekin, “asriy” o’zgaradi. U Yer magnit maydonining 99% ini tashkil qiladi. Doimiy magnit maydonining mavjud bo’lishiga yer ichki qatlamlarida bo’ladigan turli jarayonlar sabab bo’ladi. O’zgaruvchan magnit maydoni yer magnit maydonining 1% ini tashkil etadi va yer atmosferasining yuqori qatlamlarida oqadigan elektr toklaridan vujudga keladi. Shu bilan birga, yer magnit maydonining tasodifiy o’zgarishlari mavjud. Tasodifiy o’zgarishlar quyoshda sodir bo’ladigan chaqnash hodisalariga ham bog’liq, ular magnit bo’ronlariga sabab bo’ladi, radioaloqalarni buzadi. Kosmosda o’tkazilgan ilmiy tadqiqotlar yer magnit maydoni ko’p miqdorda katta energiyali elektron va protonlarni qamrab olganligini ko’rsatadi hamda ularning energiyasi va kontsentrasiyasi erdan uzoqdagi geomagnit kenglikka qarab o’zgaradi. Yer go’yo magnit maydoni bilan qamrab olingan ulkan radiatsion mintaqa bilan o’ralganday ko’rinadi. Ichki mintaqa 45° kenglik bilan chegaralanib, yer sathidan 500-5000 kilometr uzoqlikda joylashgan. Tashqi mintaqa 12000-32000 kilometr balandlikda. Geomagnit maydonining variasiyalari davriy va davriy bo’lmagan xillarga bo’linadi. Davriy variatsiyalarga yillik, sutkalik variatsiyalar kiradi. Davriy bo’lmagan variatsiyalarga qisqa vaqtli kuchli magnit bo’ronlari, to’lqinlari kiradi. Bu variatsiyalar, asosan, to’satdan, tartibsiz ravishda ro’y beradi. Magnit to’lqinlaridan hosil bo’ladigan variasiyalar, asosan, Quyoshdagi o’zgarishlarga va fazodagi turli jarayonlarga bog’liq. Yer magnit maydonining hosil bo’lish sabablari va unga bog’liq bo’lgan hodisalarni geofizikaning magnitometriya sohasi o’rganadi. Yer magnit maydoni yerning har bir nuqtasiga qo’yilgan magnit miliga bir xil ta’sir etadi. Yer magnetizmini o’rganish natijasida olingan ma’lumotlar har 5 yilda tuziladigan magnit xaritalarida tasvirlanadi. Izogon chiziqlarning bir xil qiymatga ega bo’lgan nuqtalarini birlashtiradi. Bu chiziqlarning shimol va janubdagi tugun bo’lib yig’ilgan joylari shimol va Janub magnit qutblari deyiladi. Shimol va janubiy qutblarni birlashtiruvchi izogon chiziklar magnit meridiani deyiladi. Shuningdek, magnit maydonining egilish burchagini tasvirlovchi izoklin chiziqlar magnit kenglik chiziqlaridir. Nol miqdorga ega bo’lgan izoklin chiziq magnit ekvatori deb ataladi. Yer magnetizmini o’rganish yerning chuqur qatlamlarida bo’layotgan tektonik jarayonlarni o’rganish, kon qidirish, fazoda radio-to’lqinlarning tarqalishini kuzatish kabi muhim masalalarni hal etishda ahamiyatli. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya institutida zilzilalar o’chog’ini aniqlash va yer qimirlashini oldindan bilish masalalarini hal etishda geomagnit variasiyalardan keng foydalaniladi. Qahhorbek Abdullabekov.