YEREVAN

YEREVAN (1936 yilgacha Erivan) — Armaniston Respublikasi poytaxti. Armanistonning ma’muriy, madaniy va ilmiy markazi. Ararat tekisligining shimol chekkasida, Razdan daryosi (Arakening chap irmog’i) bo’yida. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq va issiq, qishi qisqa, sovuq. Avgustning o’rtacha temperaturasi 24,8°, yanvarniki -4,2°. Yiliga 320-350 millimetr yog’in yog’adi. Aholisi 1249 ming kishi (1995). Arxeologik qazishlarda topilgan mixxatli tosh bo’lagidan ma’lum bo’lishicha, Urartu podshosi Argishti I miloddan avvalgi 782 yilda Erebuni qal’asini qurdirgan (shahar nomi ham shundan). O’sha qal’a yonida hozirgi Yerevan vujudga kelgan. 13-asr o’rtalaridan siyosiy va iqtisodiy mavqei orta borgan. 1604 yil Yerevanni Eron shohi Abbos I qo’shinlari egallaganidan keyin shahar Yerevan xonligining markaziga aylandi. 17-asrda Yerevan yirik karvon savdosi va hunarmandchilik markazlaridan biri. Rossiya-Eron urushi (1826— 28)dan so’ng Yerevanni 1827 yil 1 oktabrda rus qo’shinlari egalladi va Turkmanchoy shartnomasi (1828) ga binoan Yerevan Rossiyaga o’tdi. 1828-40 yillarda Yerevan Armaniston viloyati markazi, so’ng uezd shahri, 1849 yildan Yerivan gubernyasi markazi. Yerevanning Aleksandropol (hozirgi Gyumri) temir yo’l orqali Tbilisi (1902) va Julfa (1908) bilan bog’lanishi shaharning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga olib keldi. Yerevanda 1920 yil 29 noyabrda sho’rolar hokimiyati o’rnatildi. 1921 yil 2 aprelda Yerevan Armaniston SSR poytaxti deb e’lon qilindi. 1991 yil avgustda sovetlar hokimiyati barham topgach, o’sha yilning 24 sentabrdan Yerevan mustaqil Armanistonning poytaxti bo’ldi. Yerevan — Armanistonning muhim sanoat markazi. Mashinasozlik, kimyo va neft kimyosi, oziq-ovqat, yengil sanoat, mashinasozlik (elektronika sanoati va boshqalar), kimyo va neft kimyosi (plastmassa, kimyoviy tola va reaktivlar, shina va boshqalar) sanoatlari taraqqiy etgan. Sintetik kauchuk kombinati, «polivinilasetat», «plastik», lak-bo’yoq zavodlari, farmatsevtika korxonasi, issiqlik elektr stansiyasi mavjud. Asosiy oziq-ovqat sanoati korxonalari — vino, go’sht, yog’-moy, eksperimental tamaki kombinatlari, konyak, shampan vinolari, konserva zavodlari, yengil sanoat korxonalari — ipak va kamvol kombinatlari, movut, trikotaj, ip, qo’lqop, tikuvchilik, gilam, ko’n poyabzal fabrikalari, qurilish materiallari korxonalari mavjud. Alyuminiy ishlab chiqariladi. Yerevan — Armanistonning muxim transport tuguni. Tbilisi, Boku va Sevan bilan temir yo’l liniyalari orqali bog’langan. Avtomobil yo’llari tuguni. 2 aeroport, metropoliten (1981 yildan), telemarkaz (1956 yildan) bor. Armaniston Respublikasi Fanlar akademiyasi (1943 yildan), 11 oliy o’quv yurti (Yerevan universiteti, politexnika, tibbiyot, zootexniya-veterinariya institutlari, konservatoriya va boshqalar), «Matenadaran» qadimgi qo’lyozmalar instituti, 13 teatr (shu jumladan opera va balet teatri, musiqali komediya teatri, filarmoniya, konservatoriya), 21 muzey (shu jumladan Armaniston tarixi muzeyi, kartinalar galereyasi, bolalar kartina galereyasi, Teatr muzeyi), hukumat uyi (1955) bor. Ad.: Akopyan T. X., Istoriya Erevana (1801-1879 gg.), Yerevan, 1959.