ION PROEKTOR

ION PROEKTOR, avtoion mikroskop — qattiq jism sirtining bir necha million marta kattalashgan tasvirini beradigan linzasiz ion-optik asbob. Amerikalik fizik E. V. Myuller 1951 yilda ixtiro qilgan. Ion proektor yordamida kristall panjaradagi ayrim atomlarning joylashishini kuzatish mumkin. Bunda ingichka ignaning uchligi musbat elektrod va bir vaqtning o’zida o’rganilayotgan ob’yekt bo’lib xizmat qiladi. Asbob ichiga to’ldirilgan gaz atomlari (yoki molekulalari) uchlik yaqinida kuchli elektr maydon bilan ionlashtiriladi; bunda gaz atomlari uchlikka o’zining elektronlarini beradi.