Barcha zamonlar va xalqlarning eng buyuk ertakchisi kim?
Odatda, daniyalik yozuvchi, folklorshunos va ertakchi Gans xristian Andersenni (1805-1875) shunday e’zozga loyiq ko’rishadi. Andersen asarlar to’plami 10 jilddan iborat bo’lishiga qaramay, u jahon madaniyati tarixiga avvalo uch ertaklar to’plami muallifi sifatida kirgan. Andersen hayotining o’zi ham real inson tarixidan ko’ra ko’proq ertakka o’xshab ketadi. Daniyaning ixchamgina Odensen shaharchasida tavallud topgan etikdo’z o’g’li 13 yoshida aktyor bo’lish niyati bilan Kopengagenga yo’l oladi. Garchi Andersen teatrga qabul qilinmagan bo’lsa ham, aktyorga aylanmagan bo’lsa ham, baribir uning badiiy iste’dodi teatr direktsiyasining e’tiborini jalb etdi va u stipendiya olish va lotin maktabida bepul tahsil ko’rish huquqiga ega bo’ldi. Universitetni tugatganidan keyin Andersen Daniyaning kibor xonadonlaridan birida muallim va tarbiyachi bo’lib ishlaydi. O’z o’quvchilari bilan birga Italiya va Yevropaning boshqa mamlakatlari bo’ylab bir necha bor sayohat qiladi. Oddiy yigitchaning mashhur yozuvchiga aylanishini uning o’zi ikkala romani — “xush taqlidchi” va “faqat skripkachi”da tasvirlab beradi. Taqdiri badavlat mesenatlarning tantiligiga bog’liq bo’lgan iste’dodli o’spirin ularning qahramonidir. Andersen o’zi, menga ertaklar syujetini o’ylab topish umuman kerak emas, lang ochilgan deraza yonida o’tirish va tevarakni sinchkov kuzatishning o’zi yetarlidir, deb aytgan. Ana shuning uchun ham eng oddiy buyumlar: gugurt, nina, ichyoqa va, qo’g’irchoqlar uning asarlarida birinchi bor tilga kirgan edi. Ayni chog’da Andersen folklorni yaxshi bilar, Yevropaning yetuk olimlari, masalan, aka-uka Grimmlar bilan xat yozishib turardi. Ana shuning uchun ham uning ertaklari — “Bulbul”, “Qor malikasi”, “Ko’lanka” — butun dunyoga mashhur syujetlarga ega. Andersen ertaklari Yevropa adabiyotida ushbu janrning etaloniga (muntazam andozasiga) aylandi. Adabiyot sohasidagi nufuzli mukofotlardan biri uning nomi bilan atalgani ham bejiz emas. 1994 yilda yapon shoiri Michio Mado va shveytsariyalik bezakchi — rassom Yorg Miller Andersen medali bilan taqdirlangan edilar. Rossiya bolalar adabiyotidan bu mukofotga rus yozuvchi Yu. Kovalning nomzodi ko’rsatilgan bo’lib, uning nomi Andersen mukofotlari bo’yicha jyuri tomonidan nashr etiladigan dunyoning yigirmata eng yaxshi bolalar yozuvchisi katalogiga kirgan.