IBN ISHOQ ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISHOQ IBN YASOR
IBN ISHOQ ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISHOQ IBN YASOR (704, Madina — 767, Bag’dod) — tarixchi, muhaddis, Rasululoh (sav) haklarida bizgacha yetib kelgan eng dastlabki siyratnomalardan birining muallifi. 733 yil Misrga ko’chib borgan, 749 yil esa Iroqqa kelib, u yerda muqim yashab qolgan. Ibn Ishoqning Bag’dodda yozib tugallagan “kitob siyrat Rasululloh” (“Rasululloh siyratlari xususida kitob”) asari misrlik filolog Ibn Hishom (834 yil vafot etgan) tahriri ostida bizgacha yetib kelgan. Shuningdek, Ibn Ishoq “Al-Mag’oziy” (“G’oziylar fazilatlari va ular qilgan amali solixlar haqida kitob”), “Al-Mubtadaa” (“Ibtido”), “ta’rix al-Xulafo” (“xalifalar tarixi”) nomli asarlar ham yozgan. Uning “Tarix al-Xulafo” asaridan Madoiniy (752-840), Tabariy, Rabg’uziy kabi mashhur tarixnavis olimlar foydalangan. Masalan, Madoiniy O’rta Osiyoning arablar tomonidan fath etilish davri tarixiga doir “kitob Futuhoti Huroson” va boshqa asarlarini yozishda mazkur kitobga tayangan.