Sahnaviy vositalar nima degani?
Teatr tomoshasining tomoshabinga ta’sirini kuchaytirish maqsadida unda ko’pincha sahnaviy vositalar qo’llanadi, ulardan maqsad u yoki bu tabiat hodisasi to’g’risida eshitilmish yoxud ko’rilmish tasavvurni hosil qilishdir. Bunday vositalardan qadimgi Yunonistondayoq foydalanilgan, o’shanda maxsus nog’oralar yordamida pyesa davomida zarur bo’ladigan shovqinlar hosil qilingan. Eng ko’p tarqalgan shovqinlarga tahlid qilish uchun zarur bo’lgan asboblar komplekti hozirgi zamonga qadar ham saqlangan. Masalan, yomg’irni tasvirlash uchun ichiga oddiy no’xat solingan aylanuvchi tunuka barabandan foydalanishadi. Ta’sirchan chaqmoq chaqishi maxsus romga osib qo’yilgan bir taxta tunukaga urilganida hosil bo’ladi. Yorug’lik vositalaridan ham keng foydalaniladi, ta’sirni hosil qilish uchun projektorlar va maxsus projektorlar ishlatiladi, ular hor, sahna bo’ylab o’tayotgan bulutlar, kamalak, dengiz dolg’alaridagi yolqin jilvasini tasvirlashda yordam beradi. Odamlar va buyumlar tomoshabinlarning shundoq ko’z o’ngida yo’qolib qoladigan va hatto havoda bemalol uchib yuradigan “Qora kabinet” ham bag’oyat maroqlidir. Samara qora baxmaldan tikilgan libos kiygan odam aynan o’shanday tusdagi sahna to’ri fonida ko’rinmasdan qolishiga asoslangan. Sahnaviy vositalar ayniqsa shou-biznesda keng tarqalgan bo’lib, bunda ularni hosil qilish uchun o’ta zamonaviy texnika, rang-barang lazerlar, to’lg’ama-stroboskopik yoritgichlar, lyuminissent bo’yoqlar, odatdagi yoritish paytida ko’rinmaydigan qutblashgan nurlardan foydalaniladi.