Kaliostro kim?
Kimlardir bu zotni eng buyuk firibgar va tovlamachi deb hisoblagan. Boshqalar esa u chekchegarasiz bilimlar va kuch-qudratga ega bo’lgan deb ta’kidlashgan. Biroq hech bir odam bu zot qaysi mamlakatda dunyoga kelgani va uning tasarrufidagi behisob mol-dunyo qaydan kelganini aytib bera olmasdi. Zamondoshlariga faqat uning ismi-sharifi — Aleksandr Kaliostro — va ko’pdan-ko’p sarguzashtlari tanish bo’lib, ular xususidagi afsonalar u qayerga tashrif buyursa, o’sha joyda ortidan soyadek ergashib yurardi. Xuddi shuningdek odamlar uni dunyodagi eng jumboqli odamga aylantirgan tag’in bir sir sohibi ekanligi haqida ko’p gapirishgan: go’yo u barhayotlik eliksirini, ya’ni abadiy umr eliksirini tayyorlash sirini kashf etgan emish. Qaydam, buningdek uzunquloq gaplar munosabati bilandir yoki qandaydir boshqa sababga ko’radir, lekin graf Aleksandr Kaliostro istisno tariqasida barcha qirollarning hamisha ko’z qiyolmas mehmoni bo’lgan. Hatto Fransiya qiroli Lyudovik XVI graf Kaliostroga nisbatan har qandayin hurmatsizlik a’lo hazratlarini haqoratlash sifatida baholanishini e’lon qilgani ham ma’lum. Graf Kaliostro Peterburgga ham tashrif buyurgan, imperatrisa Yekaterina ikkinchi saroyi dargohida qabul qilingan edi. Zavjasi Lorentsaning navnihol husnu malohatidan lol qolgan kibor xonimlar bu ayol qirq yoshda ekanligini, katta o’g’li allaqachon Gollandiya flotida xizmat qilayotganini bilib olishgach hayrat barmog’ini tishlaydilar. Kunlarning birida Lorentsa ittifoqo uning eri yoshlikka qaytarish sirini bilishini aytib soladi. Xuddi o’shanda imperiya hokimasining shaxsiy shifokori ingliz Robertson Kaliostroga hasad qilgancha uni saroy ayonlari ko’z oldida badnom va izza qilishga urinib ko’radi, shunda Kaliostro o’sha kezlarda odat bo’lganidek shpaga bilan emas, balki g’ayriodatiy — “zahar” bilan duelga chaqiradi. Ulardan har biri raqib tomonidan tayyorlangan zaharni ichishi, shundan keyin o’zining har qanday ziddizaharini ichishi mumkin edi. Kaliostroning g’alati dadilligidan qo’rqib ketgan Robertson bu shartlarni qabul qilmaydi va duel bo’lmaydi. Graf Kaliostro boqiylik eliksiriga ega bo’lgan bo’lmaganligi noma’lumligicha qolib ketdi, chunki uning o’zi bor-yo’gi 53 yil umr ko’rdi. Inkvizasiya buyrug’iga ko’ra u qo’lga olingan va qamoqqa tashlangandi, bu yerda u, xabar qilishlaricha, chuqur toshquduqning devoriga zanjir bilan kishanlangan holatida 1795 yili vafot etadi.