Granit nima?
Siz yerdagi barcha narsalar qudratli granit plitalar ustida qad ko’targanligini albatta bilasiz. Granit g’oyatda mustahkam tog’ jinsi bo’lib, yer qobig’ining sirtqi qismini tashkil etuvchi asosiy materialdir. “Granit” aslida “granum” so’zidan kelib chiqqan bo’lib, “don” degan ma’noni anglatadi. Lekin, ko’rib turganingizdek, gap aslo bug’doy yoxud suli ustida borayotgani yo’q. “Don” deb granitning tarkibiy qismlari bo’lgan kvars, slyuda, dala shpati, taroqtosh va boshqa ma’danlarning kristall zarralarini aytishadi. Granitning rangi har xil bo’lishi mumkin. Aksar hollarda ular kulrang yoki pushti-qizg’ish rangda bo’ladi. Biroq granitdagi boshqa aralashmalar uning rangini o’zgartirishi ham mumkin. Granit vulqonda hosil bo’ladigan tog’ jinslariga mansub. Ma’lumki, u yer qa’ridagi magmalar eritmasining sovushidan hosil bo’ladi. Magmalar ko’rinishdan xamirga o’xshash har xil ma’danlarning qaynoq aralashmasidir. Granit tog’li mintaqalarda hosil bo’ladi. Yer sirtidagi qoyatoshlar, bamisoli ulkan ko’rpadek, magmalarni tez sovub qolishdan saqlaydi. Granit yer sirtini qoplagan qatlamlar “barham topgach”, ya’ni suv yuvib ketishi, shamol yalab uchirishi, muz ko’chishi yoki yer qobig’idagi boshqa o’zgarishlar tufayli granit qoyalari yuzaga qalqib chiqishi natijasida zohiran o’zini namoyon etadi. Shundan keyin granitning o’zini “shamol uchira boshlaydi”. Dastlab dala shpati kristalli maydalanib, tuproq hamda tuz qorishmalariga aylanadi. Yolg’iz kvarsgina tabiat kuchlari ta’siriga bardoshlidir. Vaqti kelib, bahaybat granit qoyalaridan xarobalar va ma’dan changlarigina qolib, tirik organizmlar bilan qo’shilib tuproqqa aylanadi. Granit — eng mustahkam-pishiq qurilish materiallaridan biri. Undan ulkan imoratlar va haykallarning tashqi ko’rinishini tiklashda, shuningdek dahma ustiga yotqiziladigan toshtaxtalar va qabr toshlarini tayyorlashda foydalaniladi. Qadimgi misrliklar granitdan ibodatxonalar va ehromlarni tiklaganlar.