Olmoslar hamisha nodir tosh hisoblanganmi?
Manbalarning guvohlik berishicha, olmosni izlash bilan shug’ullangan ilk odamlar Hindistonda yashashgan. Olmosni qazib olish bu o’lkada bundan 2500 yil avval boshlangan. Olmoslar paydo bo’lganidan beri eng qimmatbaho tosh hisoblanib kelinadi. XVI asrga qadar ular shu qadar kamyob ediki, olmos faqat podshohlar va malikalar qo’lida bo’lgan. Va faqat 1430 yilga kelib brilliantlarni bezak sifatida taqib yurish odat tusiga kirdi. Birinchi bo’lib buni Fransiyadagi saroy xonimlaridan bo’lmish Agnes Sorel boshlab berdi va shundan keyin butun Yevropada bu odat keng tarqaldi. Oqibat-natijada, Hindistondagi olmos konlarini jazavaga tushib o’zlashtira boshladilar, bu ehtiros, oradan 300 yil o’tibdiki hali ham bosilmaydi. Nihoyat olmosning bu tabiiy zaxirasi tugadi, biroq odamzotning baxtiga 1725 yilda dunyoning boshqa bir chekkasida — Braziliyada yana olmos konlari topildi. Changalzorlar va tropik iqlim qazish ishlarini ancha mushkullashtirdi, biroq shunga qaramay Braziliya 160 yildan ko’proq davr mobaynida dunyodagi olmosning asosiy koni bo’lib keldi. Hozirgi kunda olmosni qazib olish markazi Janubiy Afrikaga ko’chdi. Bu yerda 1867 yilda olmosning yirik zaxirasi topildi. Kambag’al fermer oilasidan bo’lgan bola go’zal bir toshni topib oladi, uning nodir toshlardan ekanligini fahmlagan ayyor qo’shni toshni boladan-sotib oladi. U ham o’z navbatida toshni boshqalarga sotganidan keyin turli yoshdagi va turli millatlarga mansub kishilar yopirilib ko’chib kela boshlaydilar. Bir yil ichida bu yerda uchta yirik olmos koni topilib, ishga tushiriladi. Yirik olmos saltanatining poytaxti Kimberlin shahri qad rostladi. Ma’lumki, ayrim olmoslar odamlar nazarida shu qadar katta qimmat kasb etdiki, ular tarixda muayyan rol o’ynadi. Ularning orasida yer yuzidagi eng qadimgi nodir toshlardan hisoblangan “Ko’hi nur” olmosi alohida o’rin tutadi. Bir talay mamlakatlarning podshohlari va hukmdorlari bu olmosni qo’lga kiritish uchun jon-jahdlari bilan kirishdilar. 1400 yildan buyon besh asr mobaynida Hindiston ustiga qilingan harbiy yurishlar faqat shu olmos dastidan yuz berdi! “Umid” deb atalgan favqulodda ko’kimtir jilolarga boy, og’irligi uch karat keladigan olmos ham juda ko’p marotaba qo’ldan-qo’lga o’tib keldi. Bu nodir tosh o’zining sohiblariga hamisha baxtsizlik keltiradi, degan naql bor. Boshqa olmoslar orasida rus podshohlarining tojini bezagan “Orlov” nomli olmos, Parijning Luvr muzeyida saqlanayotgan “Regant” va arralab qismlarga bo’lingan, Angliya monarxlari toji va saltanat asosini bezgan “Kullinan” olmoslari ham dovruqlidir. Navi past olmoslar ishlab chiqarishda foydalanilmoqda. Kesuvchi uskunalarni charxlash va linzalarni sayqallash uchun qo’llaniladigan olmos charxtoshlar ancha keng tarqalgan. Sanoat olmoslari toshlarni parmalash uchun ishlatilatiladigan parmalarda ham qo’llaniladi.