ABBOSIYLAR

ABBOSIYLAR – arab xalifalari sulolasi (750-1258), Muhammad (sav) ning amakilari Abbos avlodlari. Abu Muslim harakati natijasida hokimiyat tepasiga kelgan. Dastlabki poytaxti – Kufa shahri “Saffoh” (“Xunrez”) laqabi bilan mashhur bo’lgan Abul-Abbos Abdulloh sulolaning birinchi xalifasi edi. Ikkinchi xalifa Saffohning ukasi Abu Ja’far Mansur (754-775) Bag’dod shahriga asos solib, poytaxtni shu yerga ko’chiradi. Abbosiylar hukmronligining dastlabki davrida savdo-sotiq rivojlnadi. Bag’dod Sharqning yirik savdo markaziga aylanadi, ilm-fan ravnaq topib, falsafa, matematika, tabiiyot va boshqa fanlarga oid ko’plab asarlar yaratiladi. Andalusiya (Ispaniya) dan tashqari butun musulmon mamlakatlari – Mag’ribdan to Movarounnahrgacha Abbosiylar qo’l ostiga o’tadi. Bular xalifalikning iqtisodiy negizini, siyosiy va harbiy qudratini mustahkamladi. Ayniqsa Horun ar-Rashid va uning o’g’li Ma’mun zamoni Abbosiylar sulolasining gullagan davri edi. 9-asrning ikkinchi yarmidan boshlab Abbosiylar xalifaligi zaiflasha boshladi. 10-asrning boshiga kelib faqat Bag’dod va uning atroflaridagina siyosiy hokimiyat Abbosiylar qo’lida qoldi. Harbiy kuchlar turk sarkardalari qo’liga o’tib ketdi. Ular xohlagan vaqtlarida xalifalarni almashtira olar edilar. 10-asrning o’rtalariga kelib Abbosiylar siyosiy hokimiyatni tamoman qo’ldan boy berib, musulmonlarning diniy xalifasi (payg’ambar o’rinbosari)gina bo’lib qoldilar. Erondagi buvayhiylar (945) Bag’dodni o’z qo’liga oldi, lekin ular Abbosiylarning mavqei bilan hisoblashar edi. Bag’dod saljuqiy-sunniylar tomonidan bosib olingandan keyin Abbosiylarning siyosiy hukmronligi qisman tiklandi va dinning mavqei mustahkamlandi. 1258 yil mo’g’ullar Bag’dodni vayron qilib, Abbosiylarni tamoman tor-mor keltirdi. Mo’g’ul xoni Huloku buyrug’i bilan Abbosiy xalifalarning so’nggisi – Musta’sim qatl etildi. Abbosiylar sulolasining qolgan vakillari esa Misrga qochdi. Mamluk sultonlari davrida (turklar 1517 yil Misrni olgunga qadar) Abbosiylar Qohirada muqaddas kishilar sifatida yashab keldilar. 1261 yil Mamluk sulton Beybars Abbosiylardan biri al-Mustansirni xalifa deb e’lon qildi. 1517 yil Abbosiylarning avlodi Mutavakkil III Istanbulga keltirilib, u diniy rahnamolik huquqini turk sultonlariga topshirgan. Abbosiylardan 37 kishi xalifa bo’lgan.