ABDIBERUN XONAQOHI

ABDIBERUN XONAQOHI – Samarqand qal’a devorining janubi (berun – tashqari)da joylashgan me’moriy majmua. Ko’hna qabr yoniga toqu ravoqli xonaqoh – masjid (15-asr), o’rtasiga jamoatxona, atrof burchaklarga hujra va zinalar qurilgan. Qo’sh qavat sirkor gumbaz, poygumbaz va devorlar sirkor g’ishtlar va koshinkor naqshlar bilan bezatilgan. Jamoatxonaning uch tomonidan eshik ochilgan. Mehrob esa oddiy, xonaqoh xushbichim, soda va fayzli ziyoratgoh, uning shimol yonboshida avliyo mozori bor. Katta hovli sahnida sufa, hovuz va darvozaxona ko’zga tashlanadi.