FUZAYL MAXDUM

FUZAYL MAXDUM – Abdug’afurbek o’g’li, Hojiabdulkarim (19-asrning so’nggi choragi, Karmana — 20-asrning 30-yillari) — Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat rahbarlaridan biri. Yirik ulamo sifatida Buxoro amirligida Shuhrat qozongan. 20-asr boshlaridan Qorateginda beklik qilgan. Buxoro bosqinidan so’ng Sharqiy Buxoroga qizil armiya qismlari bostirib kelganida Fuzayl Maxdum Qorategin qo’rboshisi sifatida Ibrohimbekning asosiy o’rinbosari hisoblangan. 1921 yilda uning qo’l ostida 3 ming yigitdan iborat 26 ta qo’rboshilar dastalari harakat qilgan. U Qorategin va Sherobod muzofotlarida qizil armiyaga qarshi kurash olib borgan. Fuzayl Maxdum 1921 yil martda Darvoz (markazi — Qal’ayi Xumb)ni ozod etib, bu yerda bolsheviklar hukmronligiga barham bergan. Fuzayl Maxdum Garm shahrida miltiqsozlik, o’qdori yasash, harbiy kiyimlar tikish ustaxonalari ochgan. U o’zi boshqargan viloyat hududida mustaqil siyosat yuritgan. Sadriddin Ayniynint yozishicha, ” Fuzayl Maxdum o’z davlatini mustahkamlash uchun qog’oz 0aqcha ham bosib chiqargan”. Qorategin va Darvoz qizil askarlar tomonidan bosib olingach, 1923 yil avgust oyida Fuzayl Maxdum kichik mikdordagi askarlari bilan Afg’onistonga o’tib ketgan. Keyinchalik u bir necha marta Sharqiy Buxoro hududiga qaytib, qizil askarlarga keskin zarbalar bergan. Keyinchalik Hoji Abdulkarim nomi bilan Sharqiy Turkiston (Qashqar) dagi milliy ozodlik kurashida faol qatnashgan. 20-asrning 30-yillari o’rtalarida u Qashqardagi sovet elchixonasiga topshirilgach, sovet rejimi tomo nidan qatl qilingan. Ad.: Sadriddin Ayniy, 2j., T., 1964; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000. Qahramon Rajabov.