FASIH HAVOFIY

FASIH HAVOFIY, Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Muhammad Alhavofiy (1375.28.9 — taxminan 1443) — tarixchi olim. Temuriylar saroyida xizmat qilgan. Davlat ishlari bilan Hirotdan Samarqandga — Xalil Sulton huzuriga jo’natilgan. 1415 yilda Shohrux saroyida xizmat qilgan. Muvadjahi devon — devon vaziri (1416-17) va devon boshlig’i (1417— 18) kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shohrux tomonidan Kermon (1422-24)ga yuborilgan. Boysung’ur saroyida devon boshlig’i (1425-30) bo’lgan. Fasih Havofiy fors va Arab tillarida she’rlar yozgan. 1433-42 yillarda fors tilida “Mujmali Fasihiy” [“Fasihiyning (tarixlar) majmuasi”] tarixiy asarini yozgan va uni Shohruxga taqdim etgan. Bu asar “mujmal uttavorix” (“tarixiy sanalar yig’indisi”) deb ham yuritiladi. Asar debocha, muqaddima, 2 maqola va xotimadan iborat. Asarning asosiy qismida Fasih Havofiy. Arab xalifalari, safforiylar, Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, g’uriylar, Xorazmshohlar to’g’risida ma’lumot bergach, Temuriylar tarixiga batafsil to’xtalgan. Asarda, shuningdek, shoirlar, faqihlar, muhaddislar, shayxlar, shuningdek, iqtisodiy va madaniy hayot, o’sha paytda qurilgan me’moriy obidalar haqida mufassal ma’lumot berilgan. Asar xotimasi Hirot shahriga bag’ishlangan. As: Mudjmali Fasixi, T., 1980. Ad.: Materiali po istorii Sredney i Tsentralnoy Azii X—XIX vv., T., 1988; Bukj siymolar, allomalar, 2kitob, T., 1996. Qahramon Rajabov.