FAXRIY UNVON
FAXRIY UNVON – O’zbekiston Respublikasida fuqarolarning alohida xizmatlarini yuksak e’tirof etish shakllaridan biri. Fuqarolarni mehnatdagi xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun ularni ragbatlantirish maqsadida beriladi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko’ra, davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiradi. O’zbekiston Respublikasining malakaviy va Faxriy unvonlarini O’zbekiston Respublikasining Prezidenti beradi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996 yil 26 apreldagi qarori bilan O’zbekiston Respublikasining quyidagi Faxriy unvonlari ta’sis etilgan: “O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O’zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O’zbekiston iftixori”, “O’zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O’zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “O’zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi”, “O’zbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “O’zbekiston Respublikasi xalq ustasi”, “O’zbekiston Respublikasi xalq shoiri”, “O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi”, “O’zbekiston Respublikasi xalq hofizi”, “O’zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko’rsatgan xodim”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan aloqa xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan artist”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan irrigator”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan ixtirochi va rasionalizator”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan iqtisodchi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan me’mor”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan Paxtakor”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan pillachi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sog’liqni saqlash xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sport ustozi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan transport xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan chorvador”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yurist”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jalik xodimi”, “O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan quruvchi”. O’zbekiston Respublikasining Faxriy unvoni berilgan shaxslarga belgilangan namunadagi kukrak nishoni va unvon berilganligi to’g’risidagi xujjat topshiriladi. Faxriy unvon bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlardan foydalanadilar. Faxriy unvonlar takroran berilmaydi.