FASHIZM

FASHIZM (italyancha fassismo — tuda, birlashish) — totalitar tipdagi siyosiy diktaturaga asoslangan hokimiyatning siyosiy kontsepsiyasi. Bunda faqat yuqoridan pastga qarab buyruq beriladi. Fashizm demokratiyaga qarama-qarshisi va uni inkor etish hisoblanadi, u hokimiyatning bo’linishiga yo’l qo’ymaydi. Jahon tarixida Fashizmning bir necha ko’rinishlari uchragan. Jumladan, Italiyada totalitar rejim hokimiyati, Germaniyada nasistlar Fashizmi, Portugaliyada harbiysiyosiy Fashizm, Ispaniyada harbiy otryadlar Fashizmi. Fashizmning har qanday ko’rinishi demokratiya tartibotlari va qadriyatlarini hech qachon e’tiborga olmaydi, bunday tizimda inson qadri, erkinligi, huquqlari poymol qilinadi. Hokimiyatning jamiyat hayotining barcha jihatlariga haddan tashqari aralashuvi natijasida hamma sohalarni qattiq nazoratga oluvchi totalitar siyosiy partiya shakllanadi va u davlatmonopol tashkilotiga aylanadi. Fashizm ana shunday tashkilotga va “dohiy”ning e’tiroz bildirib bo’lmaydigan obro’e’tiboriga tayanadi. Fashistik rejim inson manfaati, inson omili bilan aslo hisoblashmaydigan yovuz rejim bo’lib, barcha xalqlarni, shu jumladan, o’z xalqini ham azobuqubatga qo’yadi. Dinsizlik, umuman dinga dushmanlarcha munosabatda bo’lish; huquqiy totalitarizmni barpo etish; partiya yakka hukmronligini o’rnatish, bunday sharoitda kuchayadigan korrupsiya va axloqiy buzilishlar; millatchilik va jangari shovinizm, safsatabozlik, laganbardorlik, despotiyani avj oldirish, fuqarolarni, butun aholini qo’rquv ostida saqlash, inson ongi va tafakkurini bo’ysunish ruhida tarbiyalash; xurfikrlik, erkinlikka intiluvchilarga nisbatan terror o’tkazish Fashizmni tavsiflovchi xususiyatlardir. Fashizm umummilliy bo’hronlar yoki keskin o’zgarishlar sharoitida ijtimoiy nochor guruxlar orasida o’ziga tayanch topadi. Fashizmning ko’pgina belgilari turli ijtimoiy hamda o’ng va so’l ko’rinishdagi milliy harakatlarga xosdir. G’oyaviy asosda qaramaqarshiliklar ko’rinib tursada (masalan, “sinf” yoki “millat”) jamiyatni siyosiy safarbar etish yo’llari, terroristik hukmronlik usullari jihatidan totalitar qarakatlar va bolshevizm, stalinizm, “qizil kxmerlar” va boshqa rejimlar Fashizmga yaqin turadi. Demokratik tartiblar bo’sh bo’lgan sharoitda fashistik tipdagi harakatlar rivojlanib, Fashizmning jiddiy xavfga aylanish imkoniyati saqlanib qoladi.