FASIYA

FASIYA (lotincha facies — ko’rinish, qiyofa) (geologiyada) — cho’kindi tog’jinslari majmuasi, hosil bo’lish sharoitlarini tavsiflovchi muayyan litologik va minerologik xususiyatlarga ega. Paydo bo’lish sharoitlariga ko’ra dengiz, quruqdik va oraliq Fasiyalariga bo’linadi. Fasiyaning yirik bir xil tipli majmualari kesimda formatsiyalarga birlashadi. “Fasiya” terminini fanga 19-asrda shveytsariyalik geolog A. Gresli kiritgan. U fasial o’zgarishlarning kelib chiqishini tog’ jinslarining hosil bo’lish sharoitlaridagi farqi bilan bog’ladi va ularni hozirgi zamon dengiz tubida kuzatilishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar bilan taqqosladi, ularni guruhlab, to’planish sharoitiga qarab litoral va pelagial Fasiyalar deb atadi. Fin geologi P. Eskola esa metamorfik jinslarga tatbiqan “metamorfizm Fasiyasi” tushunchasini kiritdi. 1933 yil L. V. Pustovalov jinslar hosil bo’lish jarayonida paydo bo’lgan bir xil geokimyoviy belgilarga ega qatlam va qatlam svitasini ifodalaydigan “qazilma geokimyoviy Fasiya” tushunchasini tatbiq etdi. “Geokimyoviy Fasiya” termini neft hosil bo’lishida asos bo’lgan organik moddaning to’planishida muhim ahamiyatga ega cho’kindi hosil bo’lish va diagenez muhitining geokimyoviy xossalarini ko’rsatadi. Shuning uchun bu termin Neftchi geologlar orasida keng qo’llaniladi. Amerikalik geologlar (F.Pettijon, L. Sloos, U. Krumbeyn) “litologik Fasiyalar” (yoki litofasiyalar) tushunchasini kiritdilar; bu tushuncha muayyan joydagi stratigrafik gorizont jinslarining litologik tarkibini bildiradi (masalan, qum Fasiyasi, gil Fasiyasi); jinslarning mineralogik tarkibi, strukturasi yoki teksturasiga ko’ra ajratilishi ham shu tushunchaga kiradi. “Biologik Fasiyalar” (biofasiyalar) ham bo’lib, organizmlar qoldiklariga asoslanib tiklangan qazilma biosenozlardir (masalan, marjonpolip Fasiya, graptolite Fasiya va boshqalar). Fasiyalarni tarixiy geologmyaning bo’limi — Fasiyalar haqidagi ta’limotda o’rganiladi. Yer tarixining qadimgi davrlari uchun bu sharoitlarni rekonstruktsiya qilish usullari esa, fasial analiz deyiladi.